Chexiya kompaniyasi O‘zbekistonda kon texnikalarini ishlab chiqarishi mumkin
Chexiyaning «Ferrit» kompaniyasi O‘zbekistonda tog‘-kon sanoati uchun texnika ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda, bu esa mamlakatda sanoat kooperatsiyasini kengaytirishga xizmat qilishi mumkin.

O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 15-may kuni vazir o‘rinbosari Akram Aliyev Chexiyaning «Ferrit» mintaqaviy direktori Dmitriy Nagorniy bilan muzokara o‘tkazdi. Uchrashuvda geologiya va tog‘-kon sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Kompaniya vakillari O‘zbekistonning investitsiya muhitini yuqori baholab, mamlakatda sanoat uskunalari ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlikka qiziqish bildirgan. Xususan, «Ferrit» tomonidan tog‘-kon sanoati ehtiyojlari uchun zamonaviy texnika va uskunalar ishlab chiqarishni tashkil etish rejalari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar yangi texnologiyalarni joriy etish, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va mahalliy sanoat kooperatsiyasini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Uchrashuv yakunida investitsiya hamkorligini jadallashtirish uchun qo‘shma ishchi guruh tuzishga kelishib olindi.
O‘zbekiston—Chexiya kelishuvi
Avvalroq O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov O‘zbekiston—Chexiya biznes-forumi doirasida umumiy qiymati 2 milliard yevroga teng 20 dan ortiq kelishuv imzolanganini ma’lum qilgan edi. U Chexiya kompaniyalarining geologiya sohasi, jumladan Navoiy kon-metallurgiya kombinati uchun uskunalar yetkazib berish va mahalliy ishlab chiqarish loyihalariga qiziqishi ortib borayotganini ta’kidlagan.
Qudratovning so‘zlariga ko‘ra, mazkur yo‘nalishda 300 million yevrolik yangi shartnomalar va kelishuvlarga erishilgan. Ular nafaqat texnologiya yetkazib berish, balki O‘zbekistonda ayrim turdagi sanoat texnikasini ishlab chiqarishni ham nazarda tutadi.





