
Chiptalar qoldimi o‘zi? — talabalar uchun poyezd chiptalariga 50 foiz chegirma e’lon qilindi
Bu chegirma bilan talabalar qishki ta’tilda mahalliy yo‘nalishlardagi poyezd chiptalarini yarim narxda xarid qilishi mumkin bo‘ladi. Biroq chiptalar allaqachon sotib bo‘lingani aytilmoqda.

«O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ talabalar uchun 2025 yil 18-dekabrdan 2026 yil 12-yanvargacha barcha mahalliy yo‘nalishlarda harakatlanuvchi yo‘lovchi poyezdlari chiptalariga 50 foiz chegirma e’lon qildi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu chegirma SV/VIP klass vagonlari hamda yuqori tezlikda harakat qiluvchi «Afrosiyob» poyezdiga taalluqli emas.
Imtiyoz talabalarga qishki ta’til mobaynida safarlarni arzonlashtirish, turli hududlar o‘rtasidagi harakatlanishni yengillashtirish va ta’tilni samarali o‘tkazish imkonini yaratishga qaratilgan. Chegirma barcha mahalliy yo‘nalishlar uchun amal qiladi, deyiladi xabarda.
Biroq ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan suratlarga ko‘ra 23-dekabrdan 27-dekabrgacha Toshkent-Nukus yo‘nalishi bo‘yicha birorta chipta qolmagan.
Shu sabab foydalanuvchilar Yangi yil bayrami oldidan poyezdlarga qo‘shimcha vagonlar qo‘shish kerakligini aytishmoqda.
Avvalroq, Uzbekistan Airways ham mahalliy parvozlarda talaba yo‘lovchilar uchun 50 foizgacha chegirma joriy etganini ma’lum qilgan edi.





