Logo

Click, Payme yoki Paynet: yarim yilda kim ko‘proq foyda oldi?

Paynet’ning sof foydasi Payme’dan qariyb 3, Click’dan esa 4,1 baravar ko‘p bo‘ldi. Biroq Paynet foydasining yarmidan ko‘pi Humo’dan olingan dividend hisobiga shakllandi. Asosiy faoliyat rentabelligi bo‘yicha esa Payme yetakchi bo‘ldi.

Click, Payme yoki Paynet: yarim yilda kim ko‘proq foyda oldi? © sun'iy intelekt

O‘zbekistondagi uchta yirik to‘lov kompaniyasi 2026-yilning birinchi yarmida jami 2 trln 72,5 mlrd so‘m sof tushum va 971,4 mlrd so‘m sof foyda oldi.

Vaqt.uz Paynet, Payme va Click e’lon qilgan moliyaviy hisobotlarni taqqosladi.

1

Paynet ikki raqibining jami tushumidan ham ko‘proq daromad oldi

Paynet yarim yilda 1 trln 142,2 mlrd so‘m sof tushum oldi. Bu Payme va Click’ning jami tushumidan 211,9 mlrd so‘mga yoki 22,8 foizga ko‘p.

Kompaniyaning daromadi bir yilda 51 foizga, xarajatlari esa 49,2 foizga oshgan. Natijada asosiy faoliyatdan olingan foyda 54,7 foizga ko‘payib, 366 mlrd so‘mga yetgan. Asosiy faoliyat rentabelligi 31,3 foizdan 32 foizga ko‘tarilgan.

Biroq yakuniy sof foydaning keskin o‘sishida Paynet’ning bevosita biznesi emas, Humo’dan olingan dividend asosiy rol o‘ynagan.

Paynet yarim yilda 615,5 mlrd so‘m sof foyda olgan bo‘lsa, shundan 321,1 mlrd so‘mi Humo dividendiga to‘g‘ri keladi. Bu yakuniy foydaning 52,2 foiziga teng.

Dividend daromadini sof foydadan shartli ravishda ayirib tashlaganda, 294,5 mlrd so‘m qoladi. Bu rasmiy «tuzatilgan foyda» ko‘rsatkichi emas, ammo Paynet’ning to‘lov xizmatlari va Humo’ga kiritgan investitsiyasidan olgan daromadini alohida ko‘rish imkonini beradi.

2

Shunga qaramay, Paynet dividend hisobga olinmagan taqdirda ham uch kompaniya orasida birinchi o‘rinda qoladi. Payme va Click birgalikda 355,9 mlrd so‘m foyda olgan bo‘lsa, Paynet’ning Humo’dan olgan dividendlarisiz foydasi 294,5 mlrd so‘mni tashkil qildi.

Payme asosiy faoliyat rentabelligi bo‘yicha yetakchi

Payme’ning sof tushumi Paynet bilan deyarli bir xil sur’atda — 50,6 foizga o‘sib, 492,7 mlrd so‘mga yetgan. Biroq kompaniyaning sof foydasi tushumdan ancha sekin — 23,6 foizga ko‘payib, 205,9 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

Bunga xizmatlar tannarxining tushumdan tezroq o‘sishi ta’sir qilgan. Tannarx 84,2 foizga oshib, 159,4 mlrd so‘mga yetgan. Xarajatlar ham 29 foizga ko‘paygan.

Shunga qaramay, Payme asosiy faoliyat rentabelligi bo‘yicha uchala kompaniyani ortda qoldirdi. Kompaniya har 100 so‘mlik tushumidan 44,3 so‘m asosiy faoliyat foydasi olgan. Bu ko‘rsatkich Click’da 34,8 so‘m, Paynet’da esa 32 so‘mni tashkil qiladi.

Biroq Payme’ning rentabelligi ham pasaymoqda. Asosiy faoliyat marjasi bir yil ichida 46,3 foizdan 44,3 foizga, sof foyda marjasi esa 50,9 foizdan 41,8 foizga tushgan.

Foyda solig‘i xarajatlarining 2,7 mlrd so‘mdan 19,7 mlrd so‘mgacha oshishi ham yakuniy natijaga ta’sir qilgan. Shu sababli soliq to‘langunga qadar foyda 33,3 foizga oshgan bo‘lsa, sof foyda o‘sishi 23,6 foiz bilan cheklangan.

Click tushumdagi o‘sishni foydaga aylantira olmadi

Click uchta kompaniya orasida sof foydasi kamaygan yagona ishtirokchi bo‘ldi.

Kompaniyaning tushumi 23,8 foizga oshib, 437,6 mlrd so‘mga yetgan. Biroq xarajatlar daromaddan tezroq — 40,9 foizga ko‘payib, 254,4 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

Ayniqsa, boshqa operatsion xarajatlar 38,7 mlrd so‘mdan 134,9 mlrd so‘mgacha — 3,5 baravar oshgan. Tushum 23,8 foizga o‘sgani holda, Click’ning asosiy faoliyat foydasi atigi 3,9 foizga ko‘payib, 152,4 mlrd so‘mga yetgan.

Bundan tashqari, foyda solig‘i xarajatlari 586 mln so‘mdan 13,7 mlrd so‘mgacha oshgan. Bu 2026-yil 1-apreldan to‘lov tashkilotlari va to‘lov tizimi operatorlarining IT Park rezidentligidan chiqarilib, standart soliq rejimiga o‘tkazilgani bilan bog‘liq.

Natijada Click’ning soliq to‘langunga qadar foydasi 5,4 foizga oshganiga qaramay, sof foydasi 3 foizga kamayib, 150 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

Kompaniyaning sof foyda marjasi ham bir yil ichida 43,8 foizdan 34,3 foizgacha tushgan. Demak, Click hozir nafaqat tushum o‘sishining sekinligi, balki xarajatlar bosimi va yangi soliq rejimiga moslashish muammosiga ham duch kelmoqda.

Xo‘sh, kim oldinda?

Sof tushum va yakuniy foyda bo‘yicha Paynet katta farq bilan birinchi o‘rinda. Kompaniya uchala tashkilot jami daromadining 55,1 foizi va sof foydasining 63,4 foizini olgan.

Biroq Paynet’ning 615,5 mlrd so‘mlik foydasini to‘liq to‘lov xizmatlari natijasi sifatida baholash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Uning yarmidan ko‘pi Humo dividendiga to‘g‘ri keladi. Bu daromadning keyingi davrlarda takrorlanishi Humo foydasi va uni aksiyadorlarga taqsimlash bo‘yicha qarorlarga bog‘liq.

Ma’lumot uchun, birinchi yarim yillikda Humo sof foydasini 3,3 baravar oshirib, 411 mlrd so‘mga yetkazdi.

Teglar

Fozil Qambarov

Fozil QambarovMaqolalar soni: 257

Barchasi

Mavzuga oid