Logo

Daromadga qarab soliq to‘lash tizimini joriy etish taklif qilindi

Bugun 18:231 daqiqa

O‘zbekistonda jismoniy shaxslar uchun amaldagi yagona 12 foizlik daromad solig‘i o‘rniga, kelgusida daromad miqdoriga qarab turlicha soliq stavkasi qo‘llaniladigan tizimga o‘tishni taklif qilindi.

Daromadga qarab soliq to‘lash tizimini joriy etish taklif qilindi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Fiskal tahlillar instituti 30-iyul kuni bo‘lib o‘tgan fiskal muloqotda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i tizimini o‘zgartirishni taklif qildi, deb xabar bermoqda Vaqt.uz jurnalisti.

Institut fikricha, o‘rta va uzoq muddatda amaldagi yagona 12 foizlik stavka o‘rniga daromad miqdoriga qarab turlicha soliq stavkasi qo‘llaniladigan tizimga o‘tish maqsadga muvofiq.

«Vertikal adolatni ta’minlash maqsadida o‘rta-uzoq muddatda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini progressiv shkalaga o‘tkazishni maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz», — dedi institut vakili.

Taklif etilayotgan tizimda esa soliq stavkasi daromad miqdoriga qarab belgilanadi. Ya’ni kamroq daromad topuvchilar pastroq stavkada, yuqori daromadli shaxslar esa yuqoriroq stavkada soliq to‘laydi.

Fiskal tahlillar instituti bu taklifni aholi daromadlarining o‘sishi va soliq tizimida adolatlilik tamoyilini kuchaytirish zarurati bilan izohladi.

«2019 yildan biz yagona, ya’ni 12 foizlik stavkaga o‘tgan edik. Ammo hozirgi kunda jismoniy shaxslar daromadlarining o‘sishi va boshqa ko‘plab omillarni hisobga olgan holda, yaqin o‘rta muddatda progressiv soliq tizimi adolatlilik prinsipiga ko‘proq mos keladi, deb hisoblaymiz», — dedi institut vakili.

Taklifda bunday o‘zgarishni aynan qachon joriy etish yoki qanday stavkalar qo‘llanilishiga doir aniq hisob-kitoblar keltirilmagan.

Teglar

Mavzuga oid

Daromadga qarab soliq to‘lash tizimini joriy etish taklif qilindi | Vaqt.uz