Dengizdagi mojaro neft bozorini larzaga soldi
Global energetika xaritasining eng muhim nuqtasida harbiy nazorat o‘rnatilishi dunyo iqtisodiyoti uchun kutilmagan moliyaviy shoklarni keltirib chiqarmoqda.

Strategik Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi taranglik dunyo energiya bozoriga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. AQSH va Eron o‘rtasida savdo kemalarini o‘zaro qo‘lga olish holatlari kuchaygani ortidan «Brent» markali neft narxi bir barrel uchun 106 dollardan oshib, bugungi birja savdolari davomida 107 dollargacha ko‘tarildi.
Vaziyatning keskinlashishiga Donald Trampning yangi bayonoti turtki bo‘ldi. Unga ko‘ra, endi strategik suv yo‘lidan o‘tadigan kemalar AQSH Harbiy-dengiz kuchlari ruxsati bilan harakatlanishi lozim. Prezident, shuningdek, Eron katerlari tomonidan mina o‘rnatishga urinishlar bo‘lsa, ularni yo‘q qilish bo‘yicha buyruq berilganini bildirdi.
Bozorlarga ta’sir
AQSH fond bozorida ham salbiy ko‘rsatkich qayd etildi: S&P 500 indeksi 0,41 foizga, Nasdaq Composite esa 0,89 foizga pasaydi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali dunyo nefti va gaz ta’minotining qariyb 20 foizi o‘tadi. Shu sababli bu yerdagi har qanday uzilish narxlarga darhol ta’sir ko‘rsatadi.
Dengizdagi qarama-qarshilik
Tramp AQSH dengiz qamali ko‘lamini Eron portlaridan ham tashqariga kengaytirib, AQSH Harbiy-dengiz kuchlari ruxsatisiz hech bir kema bo‘g‘ozga kira olmasligini yoki undan chiqa olmasligini ta’kidladi.
«Eron kelishuvga erishmaguncha, yo‘l butunlay yopiq bo‘ladi», — deb yozdi Tramp.
Ushbu ogohlantirishlar Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) ikkita xorijiy yuk kemasini qo‘lga olganini e’lon qilganidan bir kun o‘tib yangradi.
IIMK Panama bayrog‘i ostidagi «MSC Francesca» va Gretsiyaga tegishli «Epaminondas» kemalarini dengiz xavfsizligiga tahdid solgani uchun ushlaganini bildirdi.
Gretsiya dengiz ishlari va orollar siyosati vazirligi esa «Epaminondas» kemasi qo‘lga olinganini rad etib, u hamon kapitan boshqaruvida ekanini ma’lum qildi.
Kemalar harakati keskin kamaydi
«Windward» dengiz razvedkasi platformasi ma’lumotlariga ko‘ra, 22-aprel kuni bo‘g‘oz orqali atigi 9 ta tijorat kemasi o‘tgan. Taqqoslash uchun, 21-aprel kuni ularning soni 7 ta, 20-aprel kuni esa 15 tani tashkil etgan.
Savdo va taraqqiyot tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanguniga qadar (2026 yil 28-fevral) bu yo‘nalishdan kuniga o‘rtacha 129 ta kema o‘tgan.





