
Donald Tramp: «AQSH Venesuelani yangi hokimiyat shakllantirilguncha boshqaradi»
Donald Tramp AQSH Venesuelada xavfsiz va nazoratli hokimiyat tranziti ta’minlanguncha mamlakatni vaqtincha boshqarishini ma’lum qildi.

AQSH prezidenti Donald Tramp Venesuelada o‘tkazilgan harbiy operatsiyadan so‘ng mamlakatda o‘tish davri boshqaruvi joriy etilishini ma’lum qildi. Uning aytishicha, AQSH yangi hokimiyat shakllanib, xavfsiz va qonuniy tranzit ta’minlanguniga qadar Venesuelani boshqaradi.
Tramp bu haqda harbiy operatsiyaga bag‘ishlangan brifingda bayonot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 3-yanvar kuni AQSH maxsus kuchlari Venesuela yetakchisi Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Floresni qo‘lga olgan. Prezident Maduroni «nolegitim diktator» deb atab, u AQSH sudi oldida narkotrafik ayblovlari bilan javob berishini bildirdi.
Donald Tramp matbuot anjumanida Venesuelaga qarshi harbiy operatsiya vaqtida sobiq prezident Nikolas Maduro qochishga uringanini ham ma’lum qildi. Uning aytishicha, Maduro xavfsiz joyga yetib olishga harakat qilgan, biroq bunga ulgurmagan.
«Otishmalar bo‘lgan. U qochmoqchi edi, bunkerga yetib olishga uringan, ammo eshikkacha yetib bora olmadi. Bizga uning yoniga kirish uchun eshikni portlatishga 47 soniya kerak bo‘ldi», — dedi Tramp.
Ma’lum qilinishicha, Donald Tramp operatsiyani boshlash buyrug‘ini 2-yanvar kuni AQSHning sharqiy vaqti bilan soat 22:46 da bergan. AQSH qo‘shinlari esa taxminan soat 02:00 atrofida Karakasga yetib borgan.
Tramp o‘tish davri qancha davom etishini aniq aytmadi. Uning ta’kidlashicha, hozirda Vashington huquqiy jihatdan to‘g‘ri va xalqaro qonunlarga mos keladigan hokimiyat almashinuvi ustida ish olib bormoqda. «Biz boshqa kuchlar aralashib, vaziyat yana o‘sha ko‘p yillik holatga qaytib qolishini istamaymiz», — dedi u.
AQSH prezidenti Venesuela muxolifati yetakchisi, Nobel tinchlik mukofoti sohibi Mariya Machadoni yangi davlat rahbari sifatida ko‘rmasligini ham bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Machado mamlakat ichida yetarli qo‘llab-quvvatlovga ega emas.
Shuningdek, Tramp AQSH davlat kotibi Marko Rubio Venesuela vitse-prezidenti Delsi Rodriges bilan telefon orqali muloqot qilganini, u esa AQSH bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lganini aytdi.
Tramp Venesuela xalqini «himoya qilish», tinchlik, xavfsizlik va adolatni ta’minlashni va’da qildi. U AQSH neft infratuzilmasini qayta tiklash ustida ish olib borishini ham ta’kidladi.
Ma’lum qilinishicha, «Yarimtun bolg‘asi» deb nomlangan operatsiya davomida AQSH 150 ta samolyotdan, jumladan F-22, F-35 va F/A-18 turidagi jangchi havo kemalaridan foydalangan.
AQSH Qo‘shma shtab boshliqlari qo‘mitasi rahbari general Den Keynning aytishicha, amerikalik harbiylar prezident saroyi hududida ishonchli harakat qilgan va Nikolas Maduroni qo‘lga olgan. Авиация Venesuela havo mudofaasi tizimlarini yo‘q qilish orqali maxsus kuchlarning harakatini ta’minlagan. Operatsiya davomida bitta harbiy vertolyot shikastlangan.





