Dubay aeroportiga qilingan hujum tufayli Toshkent-Dubay yo‘nalishidagi ikkita reys ortga qaytarildi

Bugun 11:131 daqiqa

16-mart kuni ertalab Dubay aeroportiga dron hujumi uyushtirildi va BAA havo hududi qisman yopildi. Hujum oqibatida aeroportdagi yoqilg‘i baki yonib ketgan.

Dubay aeroportiga qilingan hujum tufayli Toshkent-Dubay yo‘nalishidagi ikkita reys ortga qaytarildi

16-mart kuni Toshkentdan Dubayga yo‘l olgan ikki aviareys Dubay xalqaro aeroportiga qilingan dron hujumi oqibatida ortga qaytarildi.

Uzbekistan Airports ma’lumotiga ko‘ra, gap Uzbekistan Airways kompaniyasining HY333 reysi hamda Centrum Air aviakompaniyasining C6351 reysi haqida bormoqda. Ikkala reys ham Dubay yo‘nalishiga uchgan bo‘lsa-da, xavfsizlik sabablariga ko‘ra Toshkentga qaytarilgan.

Shuningdek, Uzbekistan Airways kompaniyasi 16-mart kuni HY333/334 Toshkent — Dubay — Toshkent reysida uchgan yo‘lovchilarga chiptalarni bepul qayta bron qilish yoki to‘langan mablag‘ni qaytarib olishi mumkinligini ma’lum qildi.

Xalqaro ommaviy axborot vositalari, jumladan «Al Jazeera» ma’lumotiga ko‘ra, ertalab Dubay xalqaro aeroporti hududida dron hujumi sodir bo‘lgan. Hujum natijasida aeroportdagi yoqilg‘i saqlanadigan baklardan biri yonib ketgan. Shu sababli aeroport faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.

Hodisa ortidan Birlashgan Arab Amirliklari havo hududida ayrim cheklovlar joriy etilgani xabar qilindi. Bu esa bir qator xalqaro reyslar parvoziga ta’sir ko‘rsatgan.

Eslatib o‘tamiz, 10-martdan boshlab O‘zbekiston hukumati Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklariga yo‘lovchi reyslarini qayta tiklashga ruxsat bergan edi. BAAga xalqaro parvozlar 28-fevralda AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy harakatlari boshlangandan so‘ng vaqtincha to‘xtatilgandi.

Hozircha Dubay aeroportidagi vaziyat va reyslar harakati qachon to‘liq tiklanishi haqida rasmiy qo‘shimcha ma’lumot berilmagan.

Teglar

Mavzuga oid