Dunyo iqtisodiyoti 2026-yilda: Xitoy yetakchilikni mustahkamlaydi, Osiyo global YAIMning yarmini ishlab chiqaradi
XVJ prognoziga ko‘ra, 2026-yilda dunyo iqtisodiyotining xarid quvvati pariteti bo‘yicha umumiy hajmi 219 trillion dollardan oshadi. Reytingda O‘zbekiston 55-o‘rinni egallagan.

Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ)ning yangi prognozlariga ko‘ra, 2026-yilda dunyo iqtisodiyotining xarid quvvati pariteti (XQP) bo‘yicha umumiy hajmi 219 trillion dollardan oshadi. Bu ko‘rsatkich mamlakatlarning iqtisodiy natijalarini turmush sifati qiymatini hisobga olib tuzatadi, bu esa milliy iqtisodlarning haqiqiy hajmini aniq solishtirish imkonini beradi, deyiladi «Visual Capitalist» axborotida.
Global yetakchilar: Xitoy AQSHdan oldinda
Nominal YAIM bo‘yicha AQSH an’anaviy ravishda birinchi o‘rinda bo‘lsa-da, XQP bo‘yicha reytingda vaziyat tamoman boshqacha. Xitoy 2014-yildan beri dunyodagi eng yirik iqtisodiyot maqomini saqlab kelmoqda.
2026-yilda dunyodagi eng yirik 5 ta iqtisodiyot (XQP bo‘yicha YAIM):
Xitoy – 43,5 trln dollar
AQSH – 31,8 trln dollar
Hindiston – 19,1 trln dollar
Rossiya – 7,3 trln dollar
Yaponiya – 6,9 trln dollar
Qit’alar bo‘yicha kuch taqsimoti
Vizualizatsiyadan ko‘rinib turibdiki, Osiyo to‘la dominantlikka ega va global o‘sishning asosiy harakatlantiruvchisiga aylanmoqda.

Osiyo (49 foiz): Dunyo ishlab chiqarishining deyarli yarmi Osiyoda jamlangan, bu yerda Xitoy va Hindistondan tashqari, Indoneziya (5,4 trln dollar) va Yaponiya ham kuchli ishtirokchilar sanaladi.
Yevropa (21 foiz): Qit’adagi eng yirik iqtisodiyot Germaniya (6,3 trln dollar) bo‘lib, uni Fransiya (4,7 trln dollar) va Buyuk Britaniya (4,6 trln dollar) kuzatib boradi.
Shimoliy Amerika (18 foiz): Bu hududda asosiy o‘rinni AQSH va Meksika (3,6 trln dollar) egallaydi.
Afrika (6 foiz), Janubiy Amerika (5 foiz) va Okeaniya (1 foiz) dunyo iqtisodiy kuchlarining oxirgi o‘rinlarini egallaydi.
O‘zbekiston 511 milliard dollarlik ko‘rsatkich bilan reytingda 55-o‘rinda ko‘rsatilgan.





