Dunyodagi qarzi eng ko‘p davlat kimlardan qarzdor?

Bugun 15:152 daqiqa

Dunyo davlatlarining umumiy qarzi 111 trillion dollar bo‘lsa, shuning 39 trillioni AQSHning bo‘ynida. O‘sib borayotgan budjet taqchilligini moliyalashtirish uchun AQSH turli xaridorlarga tayanadi.

Dunyodagi qarzi eng ko‘p davlat kimlardan qarzdor? © gagadget

2025-yilda dunyoda umumiy davlat qarzi 111 trillion dollarga yetdi. AQSH 39 trillion dollarlik qarz bilan bu boradi birinchi. AQSH Moliya vazirligining kunlik hisoboti bu qarzni kim moliyalashtirayotgani, uning qaysi qismi mamlakat ichida, qaysi qismi esa xorijda saqlanayotganini ko‘rsatdi.

AQSH qarziga kimlar egalik qiladi?

O‘sib borayotgan budjet taqchilligini moliyalashtirish uchun AQSH turli xaridorlarga tayanadi, jumladan, ichki muassasalar, xorijiy hukumatlar va o‘z markaziy banki.

39 trillion dollarlik umumiy qarzning 31,4 trillion dollari (81 foiz) ichki va xorijiy investorlarga tegishli. Qolgan 7,6 trillion dollar (19 foiz) – bu davlat ichidagi qarz bo‘lib, ichki davlat operatsiyalarini aks ettiradi. Bu summa dunyodagi eng boy 20 nafar milliarderning umumiy boyligidan taxminan ikki barobar ko‘p.

2

Davlatga tegishli qarz AQSHning tashqi investorlar oldidagi majburiyatlarini ifodalaydi va foiz stavkalari, kredit qiymati hamda moliya bozorlariga bevosita ta’sir qiladi. Bundan farqli ravishda, ichki qarz – bu hukumatning o‘ziga o‘zi qarzi bo‘lib, asosan ijtimoiy ta’minot kabi dasturlar bilan bog‘liq.

Pay investitsiya fondlari va pensiya jamg‘armalari eng yirik ommaviy egalari hisoblanadi, ularning ulushi 6,6 trillion dollarni tashkil etadi. Bu xavfsiz va likvid aktivlarga bo‘lgan yuqori talabni ko‘rsatadi.

AQSH Federal zaxira tizimi balansida 4,4 trillion dollar mavjud bo‘lib, bu Yaponiya, Buyuk Britaniya va Xitoy kabi uchta eng yirik xorijiy kreditorlar jami ulushidan ham ko‘p.

Jismoniy shaxslar orasida esa Uorren Baffet o‘zining «Berkshire Hathaway» kompaniyasi orqali AQSH davlat obligatsiyalarining eng yirik nodavlat egasi hisoblanadi – 2025-yilning to‘rtinchi choragi holatiga ko‘ra, uning aktivlari 339 milliard dollarga baholangan.

AQSHning yuqori davlat qarzi oddiy amerikalik uchun nimani anglatadi?

AQSH dunyoda davlat qarzi YAIMga nisbatan eng yuqori bo‘lgan o‘nta mamlakat qatoriga kiradi va uning qarzi har uch oyda taxminan 1 trillion dollarga oshmoqda. Bu tendensiya amerikaliklar hayot darajasiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Qarz o‘sishi bilan federal budjetning kattaroq qismi foiz to‘lovlariga sarflanadi. Bu esa infratuzilma, mudofaa va ijtimoiy dasturlar kabi muhim sohalarga ajratiladigan mablag‘larni qisqartiradi.

Ortiqcha qarz iqtisodiy o‘sishni sekinlashtirishi, ish haqi o‘sishi va yangi ish o‘rinlari yaratilishini cheklashi mumkin. Shu bilan birga, u foiz stavkalarining oshishiga olib kelib, ipoteka kreditlari, bank qarzlari va kredit karta qarzlarini qimmatlashtiradi.

Davlat qarzi o‘sib borayotgan bir paytda uning tarkibi va kimlar tomonidan egallanishi moliyaviy bozorlar hamda iqtisodiyot uchun xavf va imkoniyatlarni to‘g‘ri baholashda juda muhim hisoblanadi.

Teglar

Mavzuga oid