Dunyoning 50 dan ortiq shaharlarida o‘zbekistonliklar uchun iftorliklar tashkil etilmoqda

26.02.2026 | 11:172 daqiqa

O‘zbekiston hukumati tashabbusi bilan xorijdagi mehnat migrantlari va talabalarni ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, ularning Vatan bilan bog‘liqligini mustahkamlash maqsadida iftorlik tadbirlari tashkil etilmoqda.

Dunyoning 50 dan ortiq shaharlarida o‘zbekistonliklar uchun iftorliklar tashkil etilmoqda

O‘zbekiston hukumati tashabbusi bilan 2026 yil Ramazon oyida dunyoning 10 mamlakati va 50 dan ortiq shahrida o‘zbekistonliklar uchun ommaviy iftorlik tadbirlari tashkil etilmoqda. Tashabbus Prezidentning 16-fevraldagi PQ-65-son qarori asosida amalga oshirilmoqda, deb xabar berdi Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Axror Burxanov.

Loyiha «Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi» g‘oyasi ostida o‘tkazilmoqda. U xorijda mehnat qilayotgan, ta’lim olayotgan va doimiy yashab kelayotgan vatandoshlarni birlashtirishga qaratilgan. Tadbirlar Makka va Madina, Seul, Istanbul, Anqara, Qohira, Ammon, Kuala-Lumpur, Vashington, Nyu York va Toronto kabi shaharlarni qamrab oladi.

photo_2026-02-26_11-19-06

Xususan, Rossiya Federatsiyasining 20 shahrida, AQSHning 10 shahrida iftorliklar tashkil etilmoqda. Shuningdek, AQSHning olti shahrida jami 15 ta tadbir o‘tkazish rejalashtirilgan.

Qo‘shimcha ravishda vatandoshlar homiyligida Dallas, Filadelfiya, Orlando, Vashington, Makka, Novosibirsk, Tomsk va Yekaterinburg shaharlarida ham iftorliklar o‘tkaziladi.

Tadbirlar O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xorijdagi elchixonalar va konsullik muassasalari orqali O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda. Uchrashuvlarda taniqli ulamolar va imom-xatiblar ishtirok etib, islom dinining insonparvarlik mohiyati, milliy qadriyatlarga sadoqat va ma’naviy birlik mavzulariga urg‘u berilmoqda.

Tashabbusning asosiy maqsadi xorijdagi fuqarolarni ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa mehnat migrantlari va talabalarga e’tibor qaratish hamda ularning Vatan bilan bog‘liqligini mustahkamlashdan iborat.

Teglar

Mavzuga oid