Endi kiberjinoyatlardan yetkazilgan zararni banklar va to‘lov tashkilotlari qoplaydi

Bugun 11:352 daqiqa

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yillarda 3 ta bank tizimidagi zaiflik tufayli 3025 nafar mijozga 17 mlrd so‘m moddiy zarar yetkazilgan.

Endi kiberjinoyatlardan yetkazilgan zararni banklar va to‘lov tashkilotlari qoplaydi

12-mart Shavkat Mirziyoyev kiberjinoyatchilik va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashni takomillashtirish, shuningdek, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilgan huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi olti yilda O‘zbekistonda kiberjinoyatlar bo‘yicha murojaatlar soni 48 baravarga oshgan. O‘tgan yilda sodir etilgan firibgarlik jinoyatlarining 82 foizi, o‘g‘irlik jinoyatlarining 76 foizi kibermakonda sodir etilgan. Ular orqali jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan moddiy zarar 2 trillion so‘mdan oshgan.

Shu boisdan axborot texnologiyalari orqali sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida bunday jinoyatlar uchun jazoni kuchaytirish va kiberjinoyatlarning yangi turlari uchun javobgarlik belgilash taklif etildi.

Xususan, fuqarolarning o‘z nomlariga rasmiylashtirilgan elektron to‘lov vositalari hamda abonent raqamlardan foydalanishda shaxsiy mas’uliyatini oshirish maqsadida ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilash taklif qilindi.

Jumladan, kriptojinoyatlarda o‘z nomidagi elektron to‘lov vositasi, kriptohamyoni, SIM-kartasi va elektron akkauntlaridan foydalanilishiga yo‘l qo‘yilganlik uchun javobgarlik belgilanadi.

Kiberjinoyatlar uchun banklar javobgar bo‘ladi

Shuningdek, yuridik shaxslar tomonidan axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga rioya etmaganlik uchun oqibat kelib chiqqan-chiqmaganidan qat’i nazar, ma’muriy javobgarlikni belgilash ham taklif qilindi.

Bu talablar masofadan moliyaviy xizmatlar ko‘rsatuvchi banklarga ham taalluqli bo‘lib, ular o‘z tizimlarida firibgarliklarning oldini olish uchun xavfsizlik mexanizmlarini muntazam takomillashtirib borishi zarurligi ta’kidlanmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda uchta bank tizimidagi zaifliklar sabab 3025 nafar mijozga jami 17 milliard so‘m moddiy zarar yetkazilgan.

Shu munosabat bilan tijorat banklari, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga rioya etmaganligi natijasida sodir etilgan kiberjinoyat oqibatida yuzaga kelgan moddiy zarar uchun javobgar bo‘lishini qonunan mustahkamlash tashabbusi ilgari surildi.

Avvalroq «moliyaviy piramida» va uyushgan jinoyatchilikka qarshi jazo choralari ham kuchaytirilishi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid