Logo

Endi kripto-kompaniyalarga rahbar tayinlashda ham ILMA roziligi talab etiladi

Bugun 15:252 daqiqa

O‘zbekistonda kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini litsenziyalash tartibiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Endi kompaniya ulushini sotish, rahbariyatni almashtirish hamda ayrim investorlarni jalb etish faqat Istiqbolli loyihalar milliy agentligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Endi kripto-kompaniyalarga rahbar tayinlashda ham ILMA roziligi talab etiladi © finance.yahoo.com

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini litsenziyalash tartibiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritdi. Qaror Lex.uz portalida e’lon qilindi.

Yangi tartibga ko‘ra, kripto-aktivlar bozorida faoliyat yurituvchi kompaniyalar direktor yoki uning o‘rinbosarlarini tayinlashdan oldin ILMA bilan kelishishi shart. Hatto o‘z ustav kapitalidagi ulushni jismoniy yoki yuridik shaxslarga, jumladan norezidentlarga sotish ham agentlik tomonidan nazorat qilinadi.

O‘z o‘rnida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi ariza kelib tushgan kundan boshlab 10 ish kunida uni ko‘rib chiqadi va kelishish yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Bunda arizalarni ko‘rib chiqish uchun yig‘im undirilmaydi va qaror bir ish kuni ichida litsenziatga yetkaziladi.

Xizmatlar provayderlarini boshqarishi taqiqlanadigan shaxslar ro‘yxati yangilandi

Endi terrorchilik faoliyati yoki ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishda ishtirok etgan yoki bunga aloqadorlikda gumon qilinayotgan, iqtisodiy jinoyatlar, pul yuvish, terrorizmni moliyalashtirish, uyushgan jinoyatchilik, korrupsiya, giyohvand moddalar noqonuniy savdosi hamda axborot texnologiyalari bilan bog‘liq jinoyatlar uchun sudlangan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslarning kompaniyalarni boshqarishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bundan tashqari, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikda ishtirok etmayotgan davlatlarda doimiy yashayotgan yoki ro‘yxatdan o‘tgan shaxslarning kripto-provayderlarni boshqarishi ham taqiqlanadi. Xuddi shunday cheklovlar bunday shaxslar va kompaniyalarning xizmatlar provayderlari ustav kapitalida ishtirok etishiga ham taalluqli.

Kelishuv olish uchun kompaniyalar murojaat bilan birga yangi investor yoki rahbar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etishi kerak. Yuridik shaxslar bo‘yicha ta’sischilar tarkibi oxirgi benefitsiar mulkdorgacha ochiqlanishi lozim.

Agar potensial investor yoki uning rahbariyati chet el fuqarolari bo‘lsa, ular vakolatli organ bergan sudlanmaganlik to‘g‘risidagi ma’lumotnomani apostil qo‘yilgan yoki belgilangan tartibda legallashtirilgan holda, shuningdek uning davlat tiliga notarial tasdiqlangan tarjimasini taqdim etishi talab etiladi.

Yuqoridagi o‘zgarishlar 1-oktabrdan e’tiboran kuchga kiradi. Eslatib o‘tamiz, ayni vaqtda mamlakatda kripto-aktivlar aylanmasi sohasida faoliyat yuritayotgan jami provayderlar soni 13 tani tashkil qilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Endi kripto-kompaniyalarga rahbar tayinlashda ham ILMA roziligi talab etiladi | Vaqt.uz