Logo

Endi telefonni UzIMEI'da 2 daqiqada ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin

Bugun 18:552 daqiqa

O‘zbekistonga olib kirilayotgan telefonlarni deklaratsiyalash va UzIMEI'da ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi soddalashtirildi. Endi barcha jarayon bir vaqtning o‘zida amalga oshiriladi.

Endi telefonni UzIMEI'da 2 daqiqada ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin

O‘zbekistonga chetdan olib kirilayotgan mobil telefonlarni deklaratsiyalash va UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni endi bir vaqtning o‘zida amalga oshiriladi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi Toshkent xalqaro aeroportida o‘tkazilgan press-turda ma’lum qildi.

Yangi tartibga muvofiq, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini rasmiylashtirayotgan paytning o‘zida telefonini UzIMEI tizimida avtomatik ro‘yxatdan ham o‘tkazishi mumkin.

Buning uchun faqat pasport ma’lumotlari va qurilmaning IMEI kodi talab etiladi. Shaxsni tasdiqlash esa Face ID orqali amalga oshiriladi.

Bojxona qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, bojsiz me’yor doirasida olib kirilayotgan telefonlar avtomatik rasmiylashtiriladi. Natijada yo‘lovchilarning taxminan 70 foizi ortiqcha navbat kutishdan xalos bo‘ladi.

Jarayon ancha tezlashdi

Toshkent xalqaro aeroportining uchib kelish zalida deklaratsiyalarni onlayn to‘ldirish uchun infokiosklar o‘rnatildi. Shuningdek, «Yo‘lovchi deklaratsiyasi» mobil ilovasi ishga tushirilib, hozirgacha 580 ming marta yuklab olingan.

Ilova orqali 603 mingta deklaratsiya rasmiylashtirilgan, infokiosklar orqali esa yana 538 mingta deklaratsiya qabul qilingan. Buning natijasida qog‘oz deklaratsiyalar soni uch baravar kamayib, rasmiylashtirish jarayoni ikki baravar tezlashgan.

Bojxona vakillarining ta’kidlashicha, yangi tizim telefonni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ketadigan vaqtni 85–90 foizga qisqartirgan. Endi barcha jarayon o‘rtacha 1,5–2 daqiqa, ayrim hollarda esa 5 daqiqagacha vaqt oladi.

Import hajmi oshdi

Bojxona qo‘mitasiga ko‘ra, jarayonlarning soddalashtirilishi telefonlarni qonuniy tarzda olib kirish ko‘rsatkichlariga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Agar 2024 yilda jismoniy shaxslar tomonidan 5,6 mingta telefon rasmiy import qilingan bo‘lsa, 2025 yilda bu ko‘rsatkich 716 mingtaga yetgan.

Joriy yilning dastlabki besh oyida mamlakatga qariyb 420 mingta telefon olib kirilgan. Yil boshidan buyon Toshkent xalqaro aeroportida rasmiylashtirilgan 180 mingta deklaratsiyaning 85 foizidan ortig‘i mobil telefonlar bilan bog‘liq bo‘lgan.

Teglar

Mavzuga oid

Endi telefonni UzIMEI'da 2 daqiqada ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin | Vaqt.uz