add

«Eng serqatnov Rojdestvo»: aviatsiya rekord yo‘lovchi oqimiga tayyorlanmoqda

Bugun 12:212862 daqiqa

Moliyaviy tahlillarga ko‘ra, joriy bayram mavsumida havo qatnovlari tarixiy maksimumga chiqadi, 2026 yilda esa aviayo‘lovchilar soni 5,2 mlrddan oshib ketishi kutilmoqda.

«Eng serqatnov Rojdestvo»: aviatsiya rekord yo‘lovchi oqimiga tayyorlanmoqda

Jahon aviatsiya sohasi o‘z tarixidagi eng serqatnov Rojdestvo mavsumiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Financial Times nashri va OAG aviaanalitik platformasi ma’lumotlariga ko‘ra, 15-dekabrdan 4-yanvargacha bo‘lgan davrda dunyo bo‘ylab 300 mln nafardan ortiq inson havo qatnovlaridan foydalanadi.

OAG prognozlariga ko‘ra, yo‘lovchilar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 4 foizga oshadi va 309 mln nafarga yetadi. Asosiy o‘sish Xitoy, Hindiston, Braziliya va Meksikadan chiqqan yo‘lovchilar hisobiga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda.

Buyuk Britaniya Fuqaro aviatsiyasi boshqarmasining iste’molchilar va bozorlar bo‘yicha rahbari Selina Chadhaning ta’kidlashicha, qishki ob-havo xatarlari bilan birga yuksak yo‘lovchi oqimi aviakompaniyalardan maksimal darajada ishlashni talab qiladi.

Mazkur ko‘rsatkichlar Covid-19 pandemiyasidan keyin aviatsiya bozorining deyarli to‘liq tiklanganini ko‘rsatmoqda. Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) prognozlariga ko‘ra, 2026 yilda jahonda aviayo‘lovchilar soni 5,2 mlrd nafardan oshib ketadi. Shu bilan birga, aviatsiya sohasining umumiy foydasi 2025 yildagi 39,5 mlrd dollardan 2026 yilda 41 mlrd dollargacha o‘sishi kutilmoqda.

IATA bosh direktori Villi Uolsh buni «geosiyosiy ziddiyatlar, ta’minot zanjirlaridagi uzilishlar, o‘sib borayotgan xarajatlar va regulyator bosimiga qaramasdan, juda ijobiy tendensiya» deb baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, aviakompaniyalar biznes modellariga tashqi shoklarga chidamlilikni joriy etishga muvaffaq bo‘lgan.

Raqamlarga nazar tashlasak, 15-dekabrdan 4-yanvargacha Buyuk Britaniyadan 9,6 mln nafar yo‘lovchi parvoz qiladi. Bu mamlakatni Yevropadagi eng yirik aviatsiya bozoriga aylantiradi. AQSHda esa ushbu davrda 70 mln nafar inson havo qatnovlaridan foydalanishi kutilmoqda.

Eng ko‘p yo‘lovchi tashiydigan aviakompaniyalar qatorida American Airlines, Delta, United Airlines va Southwest yetakchilik qiladi — har biri uch hafta ichida 13 mln nafardan ortiq yo‘lovchi tashiydi. Yevropa bozorida Ryanair 11 mln nafar yo‘lovchi bilan peshqadam bo‘ladi.

Eng serqatnov aeroportlar sifatida Dubay va Atlanta qayd etilmoqda. Eng ommabop aviayo‘nalish esa Janubiy Koreyadagi Cheju–Seul marshruti bo‘lib, u yerda yo‘lovchilar soni o‘tgan yilga nisbatan 33 foizga oshishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

«Eng serqatnov Rojdestvo»: aviatsiya rekord yo‘lovchi oqimiga tayyorlanmoqda | Vaqt.uz