
Eng yaxshi mikrokredit va avtokredit stavkalarini qaysi banklar taklif qilmoqda?
Markaziy bank 2025 yil 8-dekabr holatiga ko‘ra, tijorat banklari tomonidan aholiga ajratilgan mikroqarz va avtokreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkalarini e’lon qildi.

Markaziy bank 2025 yil 8-dekabr holatiga ko‘ra tijorat banklari tomonidan ajratilayotgan mikrokreditlar va avtokreditlar bo‘yicha foiz stavkalari bo‘yicha yangi ma’lumotlarni e’lon qildi.
Yangilangan ko‘rsatkichlarga ko‘ra, mikrokreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 31,7 foizni, avtokreditlarda esa 23,5 foizni tashkil etmoqda.
Mikrokreditlar segmentida eng past stavkalar 22,6–27 foiz oralig‘ida bo‘lib, ularni asosan Madad Invest Bank, Aloqabank, Trastbank, Infinbank va Uzum Bank taklif etmoqda. Milliy bank, BRB va Ziraat Bank ham bozorda nisbatan o‘rta darajadagi stavkalar bilan ishtirok etmoqda. 28 foizdan yuqori stavkalar Kapitalbank, Asakabank, Turon Bank va Asia Alliancye Bank tomonidan belgilangan.
Apex Bank 33,9 foiz stavkani belgilagan bo‘lsa, Davr Bank va Ipak Yuli Bankda bu ko‘rsatkich 35–36 foiz atrofida. TBC Bank ham 36,1 foiz stavka taklif qilmoqda. Ipoteka bank, Tenge Bank va Anorbank mikrokreditlar bo‘yicha eng yuqori — 38 dan 40,9 foizgacha bo‘lgan stavkalarni qo‘llamoqda.
Avtokreditlar bo‘yicha eng maqbul takliflar 20–21 foiz atrofida bo‘lib, ularni Ipoteka Bank, Garant Bank, Davr Bank va Hamkorbank taqdim etmoqda. Infinbank va OFBda stavka 21–21,5 foizni tashkil etadi. SQB va Asia Alliancye Bankda avtokreditlar 22,9 foiz etib belgilagan.
23–26 foizli takliflar esa bir qator yirik banklar tomonidan taklif qilinmoqda. Ular orasida Xalq Banki, BRB, Aloqabank, Asakabank, Mikrokreditbank va Trastbank mavjud. Eng yuqori stavka esa Trastbankda 26,6 foizni tashkil etmoqda.
Markaziy bank ma’lumotlarga izoh berib, avtosanoat korxonalari bilan maxsus kelishuvlar asosida ayrim banklarda pastroq stavkalar qo‘llanilishi mumkinligini qayd etgan.





