
Erdo‘g‘an Putin bilan nimalar haqida gaplashishdi?
Ikki davlat rahbarlari Turkmanistonda uchrashdi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘o‘n Ashxobodda bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro tinchlik va ishonch forumidagi ishtiroki doirasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi. Bu haqda Turkiya davlat rahbarining matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda xabar berdi.
Uchrashuvda Turkiya va Rossiya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar, shuningdek, Rossiya-Ukraina urushida keng qamrovli tinchlikka erishish bo‘yicha sa’y-harakatlar muhokama qilindi. Turkiyaning bu yo‘nalishdagi tinchlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishi ta’kidlandi.
Rajam Toyib Erdo‘g‘an Rossiya-Ukraina urushini adolatli va barqaror tinchlik bilan yakunlashga qaratilgan sa’y-harakatlar muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. U har ikki tomonga amaliy foyda keltiradigan sohalarda taraqqiyotga erishish mumkinligiga ishonch bildirdi va birinchi navbatda energetika ob’ektlari va portlarga nisbatan cheklangan o‘t ochishni to‘xtatish rejimini joriy etish foydali bo‘lishi mumkinligini qayd etdi.
Shuningdek, u Turkiyaning urushni to‘xtatishga qaratilgan muzokaralar jarayonini diqqat bilan kuzatib borayotganini va muzokaralarning har qanday formatini o‘z hududida o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.
Bundan tashqari, davlat rahbarlari Falastin va Suriyadagi so‘nggi voqealarni, shuningdek, Janubiy Kavkazda tinchlik o‘rnatish jarayonini muhokama qildilar. Yevropa Ittifoqining Rossiya aktivlarini muzlatish to‘g‘risidagi qarori ham ko‘rib chiqilgan boshqa masalalar qatorida edi.





