Erdo‘g‘anga nisbatan Anvar Sadat ssenariysi asosida suiqasd tayyorlangani ma’lum qilindi
2016-yilda Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anga nisbatan 1981 yilda Misr prezidenti Anvar Sadatni o‘ldirish ssenariysi asosida suiqasd tayyorlangan. Bu haqda Turkiya Qurolli Kuchlarining iste’fodagi brigada generali Ibrohim Buyukbash ma’lum qildi.

Generalning so‘zlariga ko‘ra, 2016-yil 15-iyuldagi davlat to‘ntarishiga urinishdan biroz oldin, Turkiya prezidenti harbiy mashg‘ulotlarda ishtirok etishi kerak bo‘lgan, biroq «shubhali faollik» aniqlangach, dastur bekor qilingan. Buyukbashning ta’kidlashicha, keyinchalik Erdo‘g‘anga suiqasd 1981 yilda Qohiradagi harbiy parad vaqtida Misr prezidenti Anvar Sadatning o‘ldirilishiga o‘xshash tarzda rejalashtirilgani ma’lum bo‘lgan.
«Davlat to‘ntarishiga urinishdan oldin prezident Erdo‘g‘anga nisbatan bir nechta suiqasdlar tayyorlangan», — deb keltiradi Yeni Akit gazetasi Buyukbashning so‘zlarini.
Suiqasd ssenariysi
Iste’fodagi generalning ma’lumotlariga ko‘ra, davlat to‘ntarishiga urinishdan uch oy oldin, Anqara isyonni tashkillashtirishda ayblaydigan va Turkiyada taqiqlangan FETO (FETÖ) tashkiloti tarafdorlari prezidentni Marmarisda qo‘lga olishni, uni «Dalaman» aeroportiga olib kelib, xorijiy aviakompaniya samolyotiga chiqarishni va o‘sha yerda o‘ldirishni rejalashtirgan edi.
Buyukbashning ta’kidlashicha, tergov materiallarida Shveysariyaning «Albinati Aeronautics» kompaniyasiga tegishli samolyot tilga olingan. Ushbu samolyot Erdo‘g‘an «Dalaman»ga yetib kelishidan biroz oldin shoshilinch parvoz uchun ruxsat so‘ragan va prezident aeroportni tark etganidan ko‘p o‘tmay reys bekor qilingan. General, shuningdek, jinoyat ishida ushbu samolyotning xorijlik yo‘lovchilari ham qayd etilganini va ular keyinchalik Turkiyani tark etganini qo‘shimcha qildi.
Gazeta bu so‘zlarni tasdiqlovchi birorta dalil keltirmagan. Hukumat esa hozircha generalning bayonotlariga hech qanday munosabat bildirgani yo‘q.
Ma’lumot uchun, 2016 yil 15-iyulga o‘tar kechasi Turkiyada davlat to‘ntarishiga urinish sodir bo‘lib, uning oqibatida 250 dan ortiq kishi halok bo‘lgan. O‘sha tunda Erdo‘g‘an Marmarisda hordiq chiqarayotgan edi va u keyinchalik suiqasdda ayblanib sudlangan harbiylar yetib kelishidan biroz oldin mehmonxonani tark etishga ulgurgan. Isyon bostirilgach, Turkiyada fitnaga aloqadorlikda gumon qilinganlarga nisbatan keng ko‘lamli tergov va sud jarayonlari o‘tkazilgan.
Anvar Sadatning o‘ldirilishi
1981 yil 6-oktabrda Qohira shahrida harbiy parad o‘tkazilayotgan edi. Parad vaqtida namoyishdan o‘tayotgan harbiy yuk mashinalaridan biri prezident o‘tirgan tribuna ro‘parasida to‘xtaydi. Undan harbiy formadagi fitnachilar tushib, kutilmaganda prezident va boshqa yuqori martabali amaldorlar tomon granatalar uloqtiradi va avtomatlardan o‘t ochadi. Natijada Anvar Sadat halok bo‘ladi.





