Erkaklar ayollarga qaraganda kredit to‘lashda ma’suliyatsizroq — Markaziy bank
Markaziy bank tadqiqoti erkaklar kredit to‘lovlarini ayollarga qaraganda tez-tez kechiktirishini ko‘rsatdi. Ba’zi yosh toifalarida gender tafovuti ancha yuqori.

Markaziy bank Kreditlarni qaytarishni kechiktirishning xulq-atvor va iqtisodiy omillari haqida tadqiqot o‘tkazdi.
Tahlilllar kredit to‘lovlarini kechiktirish darajasi — kechikkan kreditlar sonining jami kreditlar soniga nisbati yosh va jins kesimida ancha farq qilishini ko‘rsatmoqda.
30 yoshgacha bo‘lgan o‘zbekistonliklar kredit to‘lovlarini katta yoshli aholiga nisbatan ko‘proq kechiktiradi. 30 yoshdan boshlab to‘lovlarni kechiktirish darajasi pasayib boradi.

Gender farqlar barcha yosh toifalarida saqlanib qoladi: erkaklar ayollarga nisbatan yuqoriroq kechiktirish darajasini namoyon etadi.
Ayniqsa 30 yoshgacha bo‘lgan toifada tafovut 8-11 foiz bandgacha yetadi. 60 yoshdan keyin esa erkaklar va ayollar ko‘rsatkichlari deyarli tenglashib, 12,5-13,1 foiz atrofida shakllanadi.
Daromadlar erkaklarda ancha yuqori
Kredit olgan jismoniy shaxslarning daromadlar va yosh bo‘yicha tahlili daromadlar erkaklarda ma’lum yoshgacha o‘sib borishi, ayollarda esa 55 yoshgacha deyarli o‘zgarishsiz qolishini ko‘rsatmoqda.

Erkaklarda daromadning o‘rtacha eng yuqori qiymati 30-40 yosh oralig‘ida shakllangan. Shu bilan birga, ikkala jins vakillarida ham 55 yoshdan keyin daromadlarning sezilarli pasayishi kuzatilgan. Bu shu yoshdan boshlab aholining iqtisodiy faolligi kamayishi bilan izohlanadi.
Markaziy bank tahlillari kredit olgan erkaklar va ayollar daromadlari orasidagi farq 65-70 foizgacha yetishini ko‘rsatmoqda. Bu farq pensiya yoshidan keyin qisqarishi kuzatilgan.
Kredit muddati oshgan sari erkaklar to‘lovni kechiktirmoqda
Aholi orasida kredit muddati uzaygan sari kechiktirishlar holati ham oshib boradi. Bu ko‘rsatkich 6-12 oy segmentida 13,7 foizga, 12-24 oy segmentida esa 18,6 foizga yetadi.

Kreditlar bo‘yicha to‘lovlarni kechiktirishning eng yuqori darajasi 24-36 oy segmentida qayd etilgan — 19,8 foiz, bu esa o‘rta muddatli kreditlar risk darajasi eng yuqori ekanini ko‘rsatadi.
Kredit muddati uzoqroq bo‘lgan hollarda kechiktirish holatlari pasayishi kuzatilgan: 36-60 oylik segmentda — 18,9 foiz, 60 oydan ortiq kreditlarda esa — 11,3 foiz.
Gender kesimidagi tahlillarga ko‘ra, barcha kredit muddatlari bo‘yicha erkak qarz oluvchilarda kechiktirilgan qarzlar ulushi ayol qarz oluvchilarga nisbatan yuqoriroq.
Ayniqsa, 60 oydan ortiq muddatga ajratilgan uzoq muddatli kreditlar segmentida farq sezilarli bo‘lib, erkaklarda ushbu ko‘rsatkich 13,3 foizni, ayollarda esa 8,9 foizni tashkil etgan.





