add

Eron mart oyi oxirigacha internetga ulanmasligi mumkin — OAV

Kecha 17:041 daqiqa

Eronda 10 kundan beri davom etayotgan to‘liq internet uzilishi millionlab fuqarolarni tashqi dunyodan uzib qo‘ydi va cheklovlar doimiy tus olishi mumkin.

Eron mart oyi oxirigacha internetga ulanmasligi mumkin — OAV

Eronda so‘nggi yillardagi eng keskin internet uzilishlaridan biri kuzatilmoqda. 8-yanvardan buyon mamlakatda taxminan 92 million aholi internet xizmatlaridan butunlay mahrum etilgan, ayrim hududlarda telefon qo‘ng‘iroqlari va SMS almashinuvi ham ishlamay qolgan. Rasmiylar bu qaror norozilik kayfiyatini nazorat qilish va xalqaro e’tiborni cheklash maqsadida qabul qilinganini inkor etmadi.

Eron rasmiylariga ko‘ra, cheklovlar xavfsizlik bilan bog‘liq. Tashqi ishlar vaziri Abbos Arog‘chiy internet o‘chirilishi tashqi kuchlar tomonidan yo‘naltirilgan «terroristik operatsiyalar»ga javob ekanini bildirdi. Biroq hukumat internet qachon tiklanishini ochiq aytmayapti.

15-yanvar kuni IranWire hukumati vakili Fotima Mo‘hajiraniyga tayanib, xalqaro internetga kirish kamida mart oxiridagi Eron Yangi yiligacha ochilmasligini xabar qildi. Bu orada internet erkinligini kuzatuvchi FilterWatch tashkiloti hukumat xalqaro internetni cheklashni doimiy tizimga aylantirish ustida ish olib borayotganini bildirmoqda.

FilterWatch manbalariga ko‘ra, xalqaro internet qayta ochilgan taqdirda ham, foydalanuvchilarning unga kirishi avvalgi holatiga qaytmaydi.

Eronda internet ustidan qat’iy nazorat uzoq yillardan beri amal qiladi. G‘arb ijtimoiy tarmoqlari va xorijiy OAV saytlari bloklangan, ammo ko‘plab foydalanuvchilar VPN orqali Instagram kabi platformalarga kirib kelgan. Internet erkinligi uchun kurashuvchi Access Now tashkiloti esa hukumat internet uzilishlarini noroziliklarni bostirish va zo‘ravonliklarni yashirish vositasi sifatida qo‘llab kelayotganini ta’kidlaydi.

Teglar

Mavzuga oid