Eron sanksiyalar bekor qilinsa, yadroviy kelishuvga tayyor

15.02.2026 | 19:472 daqiqa

Eron TIV rahbarining o‘rinbosari AQSH tomonidan iroda namoyon etilsa, atom dasturi bo‘yicha kelishuvga erishish mumkinligini bildirdi. Tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar 24-fevral kuni Jenevada davom etadi, biroq pozitsiyalar hali ham bir-biridan ancha uzoq.

Eron sanksiyalar bekor qilinsa, yadroviy kelishuvga tayyor

Eron AQSH bilan yadroviy kelishuv tuzish uchun murosaga borishga tayyor, ammo muayyan shartlar asosida. Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Majid Taxt-Ravanchi bugun, 15-fevral kuni e’lon qilingan intervyuda Tehronning asosiy talabi Vashington sanksiyalarni bekor qilish masalasini muhokama qilishga tayyor bo‘lishi ekanini aytdi.

«To‘p amerikaliklar tomonida, ular kelishuvni istashini isbotlashi kerak», – dedi diplomat BBCga bergan intervyusida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agar AQSH jiddiy yondashsa, kelishuvga olib boradigan yo‘l ochiq.

Avvalroq AQSH davlat kotibi Marko Rubio prezident Donald Tramp diplomatik yechimni afzal ko‘rishini, ammo Eron bilan bunga erishish «juda qiyin» bo‘lishini aytgan edi.

Yangi muzokaralar bosqichi

AQSH va Eron o‘rtasida Omon vositachiligida navbatdagi muzokaralar 24-fevral kuni Jenevada o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Fevral boshida tomonlar Maskatda ham maslahatlashuvlar o‘tkazgan edi. Ularda Eron TIV rahbari Abbos Aroqchi, AQSHning maxsus elchisi Stiv Uitkoff hamda Trampning kuyovi Jared Kushner ishtirok etgan.

Tomonlar pozitsiyasi hanuz keskin farq qiladi. Tehron faqat o‘z yadroviy dasturi va sanksiyalarni bekor qilishni muhokama qilishga tayyor. Vashington esa kun tartibini kengaytirishni, jumladan Eronning raketa dasturi hamda «Hizbulloh» va HAMAS kabi guruhlarni qo‘llab-quvvatlash masalalarini ham kiritishni talab qilmoqda.

Tramp diplomatiya muvaffaqiyatsiz yakunlansa, Eronga harbiy zarba berish bilan bir necha bor tahdid qilgan va mintaqada qo‘shimcha harbiy kemalarni joylashtirgan. Tehron esa javob tariqasida qasos olishini bildirib, agar Fors ko‘rfazidagi AQSH bazalari joylashgan arab davlatlari Eronga qarshi harbiy harakatlarga jalb etilsa, ular nishonga aylanishi mumkinligini ogohlantirgan.

Mojaro tarixi

2025 yil iyun oyida Isroil AQSH qo‘llab-quvvatlovi bilan Eronning yadroviy obektlariga zarba berdi. Shiddatli hujumlar 12 kun davom etdi va sulh bilan yakunlandi. Eron tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, Fordo shahridagi asosiy obekt jiddiy zarar ko‘rgan va uran boyitish to‘xtatilgan. O‘shanda Tramp Eron yadroviy dasturi «to‘liq va batamom yo‘q qilingan»ini aytgan edi.

AQSH va boshqa davlatlar Eronni fuqarolik dasturi niqobi ostida yadroviy qurol yaratishga intilayotganlikda uzoq vaqtdan beri ayblab keladi, biroq Tehron buni inkor etadi. 2018 yilda, Trampning birinchi prezidentlik davrida, Vashington 2015 yilgi yadroviy kelishuvdan bir tomonlama chiqib ketdi va sanksiyalarni qayta tikladi. Shundan so‘ng Eron cheklovlarga rioya qilishdan voz kechib, uran boyitishni jadallashtirdi.

Teglar

Mavzuga oid