Eron urushi 28-kun: asosiy voqealar

Kecha 23:395 daqiqa

AQSH, Isroil va Eron urushi 28-kunidagi harbiy harakatlar va diplomatik vaziyat tahlili.

Eron urushi 28-kun: asosiy voqealar

Urush o‘zining 28-kuniga qadam qo‘yar ekan, AQSH prezidenti Donald Tramp tinchlik muzokaralari «juda yaxshi» kechayotganini ta’kidlab, Eronning energetika infratuzilmasiga rejalashtirilgan hujumlarni 10 kunga — 6-aprelga qadar kechiktirdi. Biroq Eron rasmiylari AQSHning taklifini «bir tomonlama va adolatsiz» deb baholamoqda.

Pokiston Vashington va Tehron o‘rtasidagi xabarlarni yetkazib berayotganini ma’lum qilgan. Shuningdek, kengroq mintaqaviy mojaroning oldini olish maqsadida diplomatik sa’y-harakatlar kuchayar ekan, Turkiya va Misr ham urushga yakun yasashga qaratilgan vositachilik urinishlarini qo‘llab-quvvatlamoqda.

Erondagi vaziyat

·         Harbiy zarbalar va qurbonlar: AQSH va Isroil kuchlari Eron shaharlarini bombardimon qilishda davom etmoqda: shu paytgacha Eronda 1900 dan ortiq kishi halok bo‘ldi.

·         Eronning javob zarbalari: Tehron Isroil va Ko‘rfaz davlatlariga, jumladan Quvayt, BAA, Saudiya Arabistoni hamda Iordaniyaga qarata raketa va dronlar uchirdi.

·         Tramp muhlatni ortga surmoqda: Tramp muzokaralar «juda yaxshi kechayotganini» aytib, Eronning energetika infratuzilmasiga rejalashtirilgan hujumlarni 6-aprelgacha to‘xtatdi.

·         Muzokaralar va talablar: Eron AQSH taklifini «bir tomonlama va adolatsiz» deb atadi hamda muhokama qilinmaydigan beshta qat’iy talabi borligini ma’lum qildi.

·         Qabul qilib bo‘lmas talablar: Eronning urush uchun tovon puli to‘lanishi va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan Eron suverenitetining saqlab qolinishini o‘z ichiga olgan besh bandlik taklifi Oq uy tomonidan qabul qilinishi mumkin emas deb qaralmoqda.

·         Isroil Tehronga zarba berdi: Isroil harbiylari 27-mart kuni erta tongda Tehron markazida Eron hukumati infratuzilmasini nishonga olgan «keng ko‘lamli hujumlar to‘lqini»ni amalga oshirganini ma’lum qildi.

Urush diplomatiyasi

·         Diplomatik sa’y-harakatlar: Misr va Pokiston rasmiylarining ma’lum qilishicha, vositachilar Tehron va Vashington vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatishga harakat qilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu yuzma-yuz muzokaralar kelayotgan dam olish kunlari Pokiston hududida tashkil etilishi mumkin.

Ko‘rfaz mintaqasidagi vaziyat

·         To‘g‘ridan-to‘g‘ri hujumlar: Eron tinimsiz ravishda raketa va dronlar uchirayotgani sababli, Ko‘rfazdagi qo‘shni davlatlar deyarli har kuni bombardimonlarga duch kelmoqda.

·         Birlashgan Arab Amirliklari: Abu-Dabida urib tushirilgan snaryad qoldiqlari oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi va uch kishi jarohatlandi. Halok bo‘lganlarning biri Hindiston, ikkinchisi esa Pokiston fuqarosi.

·         Quvayt: Quvayt Milliy gvardiyasi dron va raketalarni bir necha bor urib tushirdi; havo hujumidan ogohlantiruvchi sirenalar va portlashlar odatiy holga aylanib ulgurgan.

AQSHdagi vaziyat

·         Qurol-yarog‘ ta’minotidagi taranglik: Davom etayotgan urush AQSHning harbiy ta’minot zaxiralarini tobora kamaytirmoqda va ma’muriyat dastlab Ukrainaga mo‘ljallangan havo hujumiga qarshi raketalarni Yaqin Sharqqa yo‘naltirish masalasini ko‘rib chiqmoqda.

·         Vashingtondagi diplomatik uchrashuvlar: Qatar bosh vaziri va Tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad bin Abdulrahmon bin Josim Ol Soniy xavfsizlik sohasidagi hamkorlik va mintaqaviy mudofaa strategiyalarini muhokama qilish uchun AQSH Mudofaa vaziri Pit Hegset bilan uchrashish maqsadida Vashingtonga bordi.

·         Prezidentlik reytingi va yoqilg‘i narxlari: Eron bilan davom etayotgan urush Trampning siyosiy nufuziga jiddiy putur yetkazmoqda. Ichki bozorda yoqilg‘i narxlarining ko‘tarilishi ijtimoiy norozilikni kuchaytirmoqda. «Fox News» telekanali o‘tkazgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, respondentlarning 64 foizi prezidentning Erondagi harbiy harakatlarini ma’qullamaydi, qo‘llab-quvvatlovchilar esa atigi 36 foizni tashkil etadi.

·         Ijtimoiy tarmoqlar: Urushning an’anaviy televideniye orqali yoritilishiga bo‘lgan ishonch pasayib borayotgani sababli, ba’zi amerikaliklar yangiliklarni o‘qish uchun tobora ko‘proq algoritmlarga asoslangan ijtimoiy tarmoq lentalariga murojaat qilmoqda va asosiy ommaviy axborot vositalari ilgari surayotgan fikrlarga muqobil qarashlarni qidirmoqda.

Isroildagi vaziyat

·         Isroil armiyasi qo‘shimcha askarlar so‘ramoqda: Harbiylarning ma’lum qilishicha, «bufer zonasi» yaratish maqsadida «Hizbulloh» bilan janglar kechayotgan Livan janubiga yanada ko‘proq qo‘shin kerak.

·         Isroil muxolifati yetakchisi hukumatni tanqid qildi: Isroil muxolifati yetakchisi va sobiq bosh vazir Yair Lapid amaldagi hukumatni keskin tanqid qildi. Uning ta’kidlashicha, armiyaning aniq strategiyasiz va yetarli kuchga ega bo‘lmagan holda bir necha jabhada urushga kiritilishi mamlakatni «xavfsizlik halokati» yoqasiga olib kelmoqda.

·         Livanda Isroil askarlari halok bo‘ldi: Isroil armiyasi Livandagi talafotlar haqida ma’lum qildi. So‘nggi kunlarda Livan janubidagi qishloq va shaharlarni egallash uchun olib borilayotgan janglar vaqtida Isroilning ikki nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘lgan.

Iroq, Livan va Yamandagi vaziyat

·         Bayrutdagi portlashlar: Livan ommaviy axborot vositalari 27-mart kuni erta tongda Isroilning Bayrutga hujum qilganini xabar qildi.

·         AQSH harbiy-havo kuchlari Iroqning Anbar viloyatida joylashgan Habboniya bazasiga hujum uyushtirdi. Mazkur zarba oqibatida Iroq armiyasining 5 nafardan 7 nafargacha harbiy xizmatchisi halok bo‘lgan, yana 23 nafari jarohatlangan.

·         Neft eksporti: Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishi Iroq neft eksportining 70 foizdan ko‘proqqa keskin tushib ketishiga olib keldi.

·         Qurbonlar sonining ortishi: Livanda Isroil hujumlari oqibatida halok bo‘lganlar soni hozirgacha 1 116 kishiga yetdi.

·         Anneksiya xavfi: Livan bosh vaziri Navaf Salom Birlashgan Millatlar Tashkilotini Litoniy daryosidan janubdagi Livan hududlari Isroil tomonidan bosib olinishi xavfidan ogohlantirdi.

Neft bozorlari

·         Jahon banki inqirozga qarshi choralar ko‘radi: Jahon banki rivojlanayotgan bozor iqtisodiyotiga ega mamlakatlarga zudlik bilan moliyaviy ko‘mak berishga va yuzaga kelgan vaziyatga «keng ko‘lamli choralar bilan javob qaytarishga» tayyor ekanini bildirdi.

·         Rossiya nefti Filippinga yetib keldi: «AFP» axborot agentligi xabariga ko‘ra, Filippin milliy favqulodda holat e’lon qilganidan so‘ng, 700 ming barreldan ortiq Rossiya nefti ortilgan kema mamlakatga yetib kelgan.

Teglar

Mavzuga oid