
Eronda ommaviy noroziliklar: namoyishchilar harbiy tayanch punktni yoqib yubordi
Eronda bir necha kundan beri davom etayotgan ommaviy noroziliklar Yangi yil arafasida kuchayib, namoyishchilar «Basij» harbiy tayanch punktini yoqib yubordi.

Eronda bir necha kundan beri davom etayotgan ommaviy norozilik aksiyalari yangi bosqichga chiqdi. Yangi yil kechasida namoyishchilar mamlakatning Chinor shahrida joylashgan «Basij» harbiy tayanch punktini yoqib yubordi, deb xabar bermoqda Bild nashri.
«Basij» harbiylashgan tuzilmasi Islom inqilobi muhofizlari korpusi tarkibiga kiradi va hukumat tomonidan noroziliklarni bostirish uchun qo‘llaniladi.
Noroziliklar o‘tgan dam olish kunlari Tehrondagi yirik bozor savdogarlari tomonidan boshlangan. Ular yuqori inflatsiya va milliy valyutaning qadrsizlanishiga qarshi chiqib, do‘konlarini yopdi. Keyinchalik ushbu chaqiriqqa mamlakatning boshqa shaharlaridagi yuzlab tadbirkorlar ham qo‘shildi.
Oradan ko‘p o‘tmay, iqtisodiy talablar kengroq siyosiy mazmun kasb etdi. Norozilik harakati universitetlar va ko‘chalarga yoyilib, millionlab odamlarni qamrab olgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Namoyishlarda ayrim ishtirokchilar monarxiyani tiklash haqidagi shiorlarni ham ilgari surmoqda. Ko‘chalarda «Bu so‘nggi jang — Pahlaviy qaytadi» kabi chaqiriqlar yangramoqda.
Xavfsizlik kuchlari qator hududlarda namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llagan va ommaviy qo‘lga olishlar amalga oshirilgan. Ommaviy axborot vositalari tasdiqlagan ma’lumotlarga ko‘ra, to‘qnashuvlar chog‘ida talabalar va yoshlar politsiya zo‘ravonligiga duch kelgan.
Noroziliklarning kuchayishida bozor savdogarlarining ishtiroki alohida ahamiyatga ega. Ular 1979 yilgi islom inqilobida hukumatning asosiy ijtimoiy tayanchi hisoblangan. Endi esa ularning noroziligi hukumat uchun jiddiy iqtisodiy va ijtimoiy xavf sifatida baholanmoqda.
Eronning so‘nggi shohi o‘g‘li Rizo Pahlaviy namoyishlarni qo‘llab-quvvatlab, xavfsizlik kuchlarini aholiga qarshi chiqmaslikka chaqirdi. U hozirgi vaziyatni mamlakat uchun tarixiy burilish nuqtasi sifatida baholadi.





