add

Eronda sensatsiya: Pizishkiyon oyatulloh Xominaiyning «tomorqasiga tosh otdi»

Bugun 08:5815172 daqiqa

Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon ilk bor ochiq chiqishlarida mamlakat inqirozi tashqi emas, ichki muammolar oqibati ekanini tan olib, amaldagi tizimni savol ostiga qo‘ydi.

Eronda sensatsiya: Pizishkiyon oyatulloh Xominaiyning «tomorqasiga tosh otdi»

Eronda odatiy siyosiy bayonotlar doirasidan chiqib ketgan chiqishlar yangradi. Prezident Mas’ud Pizishkiyon o‘zining bir qator ommaviy nutqlari va yopiq uchrashuvlarida mamlakatdagi vaziyatni baholar ekan, deyarli ochiq tarzda prezident institutining cheklangan imkoniyatlarini tan oldi. Bu bayonotlar Eron siyosiy tizimida juda kam uchraydigan holat sifatida baholanmoqda.

Pizishkiyon mamlakatdagi og‘ir iqtisodiy va ijtimoiy ahvolni yashirmadi. U «mo‘’jiza qila olmasligi»ni, Eron inqirozga kirib qolganini va undan chiqish uchun g‘oyalar deyarli qolmaganini aytdi. Prezident o‘z faoliyatining ilk yilini «dahshatli» deb atab, bu orqali amaliy natijalarga erisha olmaganini ochiq e’tirof etdi.

Eng diqqatga sazovor jihat shundaki, Pizishkiyon an’anaviy rasmiy Tehron ritorikasidan voz kechdi. U mamlakatdagi barcha muammolarni AQSH, Isroil yoki G‘arb sanksiyalari bilan bog‘lashdan tiyildi. Aksincha, inqiroz sababini ichki omillar — korrupsiya, elitalar o‘rtasidagi kurash, mas’uliyatsiz iqtisodiy qarorlar va yillar davomida yo‘l qo‘yilgan boshqaruv xatolari bilan izohladi.

Prezident tomonidan bir necha bor takrorlangan «muammo o‘zimizda» degan fikr Eron Islom Respublikasida shakllangan mafkuraviy tizimga nisbatan jiddiy chaqiriq sifatida qabul qilinmoqda. Bu bayonotlar amalda barcha javobgarlik tashqi dushmanlarga yuklab kelingan siyosiy modelni savol ostiga qo‘yadi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Pizishkiyonning bu chiqishlari ikki xil oqibatga olib kelishi mumkin: yoki u islohotlar uchun jamoatchilikni tayyorlamoqda, yoki prezident institutining haqiqiy vakolatlari qanchalik cheklanganini oshkora namoyon qilmoqda. Har ikki holatda ham, Eron siyosatida yangi va xavfli signal paydo bo‘ldi.

Teglar

Mavzuga oid