
Eronda valuta inqirozi ommaviy noroziliklarni kuchaytirdi
Eronda valuta inqirozi va narxlar o‘sishi ortidan ommaviy namoyishlar avj oldi, norozilar hukumat va oliy rahbar siyosatini ochiq tanqid qilmoqda.

Eronda ikkinchi kun ketma-ket ommaviy norozilik namoyishlari davom etmoqda. Poytaxt Tehron va qator yirik shaharlarda savdogarlar, kichik biznes egalari hamda fuqarolar ko‘chalarga chiqib, yo‘llarni to‘smoqda va Islom Respublikasi rahbariyatiga qarshi shiorlar aytishmoqda. Namoyishlarga asosiy turtki — milliy valuta riyolning keskin qadrsizlanishi va kundalik tovarlar narxining tez o‘sishi bo‘ldi.
Ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, poytaxtda ko‘plab do‘konlar yopilgan, Tehron bozorining bir qismi va oltin savdosi vaqtincha to‘xtatilgan. Ayrim paytlarda dollar kursi 1,42 mln riyolgacha chiqqan. Rasmiy ma’lumotlarda yillik inflatsiya 42 foizdan oshgani, oziq-ovqat va dori-darmon narxlari esa o‘nlab foizga qimmatlashgani qayd etilmoqda.
Xavfsizlik kuchlari namoyishlarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va suv purkagichlardan foydalanmoqda. Rasmiylar valuta inqirozini «psixologik omillar» bilan izohlab, aksiya ishtirokchilarini jinoiy javobgarlik bilan qo‘rqitmoqda. Biroq shunga qaramasdan, namoyishlar siyosiy tus olgani kuzatilmoqda.
Tegeran, Hamadon, Ahvoz, Kirmon, Milard, Keshm oroli kabi hududlarda «Diktatorga o‘lim», «Ali Xomanaiy — qotil», «G‘azo ham, Livan ham emas — hayotim Eron uchun» kabi shiorlar yangragani xabar qilinmoqda. Ayrim videolarda norozilar Eron hokimiyatining HAMAS va «Hizbulloh»ni qo‘llab-quvvatlashini tanqid qilib, ichki iqtisodiy muammolarga e’tibor qaratilsin, degan talablarni ilgari surmoqda.
Associated Press ma’lumotiga ko‘ra, Tehrondagi aksiyalar 2022 yildan beri eng yirik noroziliklardan biriga aylangan. Shu fondda Eron Markaziy banki rahbari Muhammad Rizo Farzin iste’foga chiqqan. U lavozimga kelgan 2022 yilda dollar kursi taxminan 430 ming riyol bo‘lgan edi. Dekabr oyida oziq-ovqat inflyatsiyasi yillik hisobda 70 foizga yetgani, yoqilg‘i narxlari oshirilishi esa vaziyatni yanada og‘irlashtirishi mumkinligi aytilmoqda.





