Eronga berilayotgan zarbalar urush jinoyati deb baholanishi mumkin – Xalqaro ekspertlar Trampni ogohlantirdi

Kecha 22:352 daqiqa

100 dan ortiq xalqaro huquq bo‘yicha mutaxassislar ochiq xatga imzo chekishdi, unda Amerika harbiylarining Eronga hujumlari xalqaro huquqni buzishi va urush jinoyatlariga teng kelishi mumkinligi haqida ogohlantirilgan, chunki Tramp Eronning fuqarolik infratuzilmasini yo‘q qilish bilan tahdid qilmoqda.

Eronga berilayotgan zarbalar urush jinoyati deb baholanishi mumkin – Xalqaro ekspertlar Trampni ogohlantirdi

AQSH prezidenti Donald Tramp Eronning fuqarolik inshootlarini vayron qilish bilan tahdid qilayotgan bir paytda, yuzdan ortiq xalqaro huquq sohasi mutaxassislari bu harakatlar xalqaro qonunchilikka zid ekanini bildirdi. Nufuzli ekspertlar tomonidan imzolangan ochiq xatda Amerika harbiy zarbalari BMT Nizomini buzishi va urush jinoyatlari toifasiga kirishi mumkinligidan ogohlantirilgan.

Huquqshunoslarning keskin e’tirozi

Garvard, Yel, Stendford va Kolumbiya kabi AQSHning eng yetakchi universitetlari professorlari hamda hukumatning sobiq yuridik maslahatchilari prezident ma’muriyatiga murojaat yo‘lladi. Xatda qayd etilishicha, hozirda davom etayotgan harbiy harakatlar xalqaro inson huquqlari va gumanitar huquq me’yorlariga mutlaqo ziddir.

Ekspertlar, ayniqsa, Mudofaa vaziri Pit Hegsetning bayonotlariga alohida e’tibor qaratgan. Hegset harbiy harakatlar davomida «qonuniylikdan ko‘ra o‘lim sochish muhimroq» ekanini aytgan va mavjud harbiy qoidalarni «ahmoqona» deb atagan edi. Mutaxassislarning fikricha, bunday cheklovlarsiz yondashuv tinch aholi orasidagi talofatlarni kamaytirishga xizmat qiluvchi tizimni yemirib tashlaydi.

Trampning yangi tahdidlari: Ko‘priklar va elektr stansiyalari nishonda

Payshanba oqshomida Donald Tramp o‘zining Truth Social tarmog‘idagi sahifasida Eron rahbariyatiga navbatdagi tahdidni yo‘lladi.

«Bizning armiyamiz Eronda nima qolgan bo‘lsa, hammasini vayron qilishni hali boshlagani yo‘q. Navbatda ko‘priklar, keyin esa elektr stansiyalari! Yangi rahbariyat nima qilish kerakligini biladi va buni tezroq amalga oshirishi kerak!» – deb yozdi Oq uy rahbari.

Xalqaro huquqqa ko‘ra, tinch aholi foydalanadigan infratuzilma inshootlariga ataylab hujum qilish to‘g‘ridan-to‘g‘ri urush jinoyati hisoblanadi. Avvalroq Tramp Eronning chuchuk suv chiqarish inshootlarini ham nishonga olishi mumkinligini aytgan edi, bu esa mintaqada gumanitar inqirozni keltirib chiqarishi mumkin.

Qurbonlar va vayronagarchiliklar

Harbiy harakatlar natijasida allaqachon jiddiy talofatlar qayd etilmoqda. Jumladan, payshanba kuni Tramp Karaj shahrini poytaxt Tehron bilan bog‘lovchi yangi qurilgan ko‘prikka berilgan zarba videosini ulashdi.

Eng dahshatli voqealardan biri Minab shahrida yuz berdi. U yerda qizlar maktabiga berilgan raketa zarbasi oqibatida 175 kishi, asosan yosh bolalar halok bo‘ldi. Ekspertlar ushbu hujum AQSH harbiylari tomonidan amalga oshirilganini taxmin qilmoqda.

Xalqaro munosabat va NATOning pozitsiyasi

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ham ikkala tomonni vazminlikka chaqirib, energiya infratuzilmasiga hujumlar urush jinoyati bo‘lishini ta’kidladi.

Kelgusi haftada NATO Bosh kotibi Mark Ryutte Vashingtonga tashrif buyurishi kutilmoqda. Bu Trampning AQSHni NATOdan chiqarish tahdidlari fonida yuz bermoqda. Ryutte Yevropa davlatlarini Amerikaning Erondagi harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan bo‘lsa-da, bu pozitsiya Yevropa Ittifoqi ichida keskin qarshiliklarga sabab bo‘lmoqda.

Teglar

Mavzuga oid