Eronni vaqtincha uch kishidan iborat kengash boshqaradi

01.03.2026 | 16:322 daqiqa

Eron oliy rahbari Ali Xomanaiy AQSH va Isroil zarbalari oqibatida halok bo‘ldi. Uning o‘rniga yangi rahbar saylangunga qadar mamlakatni vaqtincha kengash boshqaradi.

Eronni vaqtincha uch kishidan iborat kengash boshqaradi

Bugun, 1-mart kuni mamlakatni boshqarish uchun uch kishidan iborat vaqtincha boshqaruv kengashi tuzildi. Bu haqda Eron davlat OAVlari xabar berdi.

Kengash tarkibiga quyidagilar kiradi:

prezident Mas’ud Pezeshkiyon,

sud hokimiyati rahbari G‘ulomhusayn Muhsini Ejayi

hamda Konstitutsiyani muhofaza qilish kengashi a’zosi oyatulloh Ali Rizo Arafi.

67 yoshli Alirizo Arafiyga vaqtincha Oliy rahbar vazifasini bajarish yuklatildi. Arafiy — davlat idoralarida katta tajribaga ega ruhoniy, Ali Xomanaiyning ishonchli vakili hisoblanadi. U Ekspertlar assambleyasi raisining o‘rinbosari, Posbonlar kengashi a’zosi hamda diniy ta’lim tizimi rahbari sifatida faoliyat yuritgan.

Ushbu uchlik hozirgacha mamlakatni boshqarib kelgan Xomanaiyning vakolatlarini vaqtincha o‘z zimmasiga oladi. Yangi oliy rahbarni esa 88 nafar nufuzli ulamodan iborat Ekpertlar kengashi saylashi kerak. Eron qonunchiligiga ko‘ra, mazkur organ yangi rahbarni imkoni boricha tezroq saylashi shart. Hozircha Xomanaiyning ehtimoliy vorisi kim bo‘lishi noma’lum.

Eron davlat televideniyesi ma’lum qilishicha, Xomanaiy 28-fevral kuni keng ko‘lamli AQSH va Isroil zarbalari oqibatida halok bo‘lgan. Uning vafoti munosabati bilan hukumat 40 kunlik umummilliy motam e’lon qildi va aholiga yetti kunlik dam olish kunlari berdi.

Trampning tahdidlari

AQSH prezidenti Donald Tramp Eron AQSH–Isroil zarbalariga javob bersa, mamlakatga «misli ko‘rilmagan kuch» bilan zarba berilishidan ogohlantirdi.

«Yaxshisi, ular bunday qilmasin. Agar qilsa, biz ularga dunyo hali ko‘rmagan kuch bilan zarba beramiz!» – deb yozdi u «Truth Social» platformasida.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Eron javob zarbalarini amalga oshirib, Fors ko‘rfazidagi bir qator nishonlarga, jumladan Abu Dabi shahriga va mintaqadagi AQSH harbiy bazalariga hujum qilgan. Tramp bombardimonlar «qancha kerak bo‘lsa, shuncha davom etadi» deb bayonot berdi hamda Xomanaiyning o‘limi eronliklar uchun hokimiyatni amaldagi rejimdan olish uchun «eng katta imkoniyat» ekanini aytdi.

Hokimiyatga da’vogar

Eronning so‘nggi shohining o‘g‘li va muhojirlikdagi eron muxolifati yetakchilaridan biri Rizo Pahlaviy mamlakat rahbarligiga da’vosini yana bir bor bildirdi. U 1-mart kuni «The Washington Post» gazetasida chop etilgan maqolasida shunday yozdi:

«Ko‘plab eronliklar, hatto hayotini xavf ostiga qo‘yib, meni o‘tish davriga rahbarlik qilishga chaqirdi. Men ularning jasorati oldida ta’zim qilaman va bu chaqiriqni qabul qildim».

Uning ta’kidlashicha, keyingi yo‘l shaffof bo‘ladi: referendum orqali qabul qilingan yangi konstitutsiya va shundan so‘ng xalqaro kuzatuv ostida erkin saylovlar o‘tkaziladi.

«Eronliklar ovoz bergandan so‘ng, o‘tish davri hukumati tarqatiladi», – deb yozgan u.

Pahlaviy Eron Iroq urushi ortidan sodir bo‘lgan «xatolarni» takrorlamasligini ta’kidlab, «institutlar tarqatilmaydi, hokimiyat bo‘shlig‘i yuzaga kelmaydi, betartiblik bo‘lmaydi», deya va’da berdi.

Teglar

Mavzuga oid