Eskrou ta’siri: iyun oyida 34 mingdan ortiq ko‘chmas mulk va transport vositasi oldi-sotdi bitimi rasmiylashtirildi
Yangi eskrou tizimi amal qilgan ilk oylarda bozor faolligi sezilarli pasaydi. Iyun oyida rasmiylashtirilgan bitimlar soni o‘tgan yilgi natijaning uchdan biriga teng bo‘ldi. Bir yil avval bu ko‘rsatkich 112,97 mingtani tashkil etgan edi.
© Getty Imagеs2026-yil 1-apreldan O‘zbekistonda ko‘chmas iyun va transport vositalari oldi-sotdisida eskrou hisobvaraqalari orqali hisob-kitob qilish tartibi joriy etilgandi. Oradan uch oy o‘tib, bu mexanizm amaliyotda qanday ishlayotgani bo‘yicha dastlabki xulosalarni chiqarish mumkin.
Markaziy bank e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, iyun oyi davomida eskrou hisobvaraqalari orqali 34 387 ta oldi-sotdi bitimi rasmiylashtirilgan. Shundan 19 241 tasi transport vositalari, 15 146 tasi esa ko‘chmas mulk shartnomalariga to‘g‘ri keladi. Yana 834 ta bitim ko‘rib chiqilish jarayonida.
O‘tgan yilning iyun oyi bilan solishtiradigan bo‘lsak, bu ko‘rsatkich avtomobillarda 91,97 mingtani, ko‘chmas mulklarda esa 21 mingtani tashkil etgan.
Eskrou amaliyoti yangi mexanizm bo‘lgani uchun bozor ishtirokchilarining unga moslashishi ma’lum vaqt talab qilishi tabiiy. Shu bilan birga, iyun oyida ushbu tizim orqali rasmiylashtirilgan bitimlar soni avvalgi ikki oyga nisbatan oshgani yangi tartib asta-sekin bozor tomonidan qabul qilinayotganini ko‘rsatmoqda.
Xususan, aprel oyida eskrou hisobvaraqalari orqali 31 757 ta, may oyida 29 023 ta bitim amalga oshirilgan bo‘lsa, iyun oyida bu ko‘rsatkich 34 387 taga yetdi.
Hududlar kesimida esa kutilganidek, poytaxt yetakchilik qilmoqda. Poytaxtda iyun oyida 9 373 ta bitim amalga oshirilgan. Bu umumiy bitimlarning qariyb uchdan bir qismini tashkil qiladi. Toshkentda aholi soni, ko‘chmas mulk bozori hajmi va avtomobil savdosining yuqori ekani bu natijani izohlovchi omillardan biri hisoblanadi.
Keyingi o‘rinlarda Farg‘ona viloyati (3 456 ta), Samarqand (2 990 ta) va Andijon (2 737 ta) qayd etilgan. Ayni paytda Markaziy bank ma’lumotlarida 834 ta bitim hali ko‘rib chiqilyapti.
Ma’lumot uchun, eskrou — bu xaridor va sotuvchi o‘rtasidagi moliyaviy munosabatlarda uchinchi tomon, odatda bank ishtirok etadigan tizimdir. Uning asosiy vazifasi — tomonlar o‘rtasidagi ishonchni ta’minlash va mablag‘larni xavfsiz saqlashdan iborat.





