Ethereum dasturchilari 2026 yil uchun mo‘ljallangan rejalarni taqdim etishdi. Asosiy maqsadlar

02.03.2026 | 11:414 daqiqa

Ethereum dasturchilari muvaffaqiyatli o‘tgan 2025 yildan so‘ng, tarmoq miqyosini kengaytirish va uni himoyalashga qaratilgan 2026 yil uchun yangilangan rivojlanish rejasini taqdim etdi.

Ethereum dasturchilari 2026 yil uchun mo‘ljallangan rejalarni taqdim etishdi. Asosiy maqsadlar

“Efir” blokcheynini ishlab chiqish va ishga tushirishga mas’ul bo‘lgan Ethereum Foundation (EF) tashkiloti tarmoqning 2026 yilgacha bo‘lgan yangi rivojlanish yo‘l xaritasini taqdim etdi. 2025 yildagi ikkita yirik yangilanishdan so‘ng jamoa foydalanuvchilar hajmini kengaytirish, tajribasini takomillashtirish va blokcheynni himoyalashga asosiy e’tiborni qaratmoqda.

Tarmoqning navbatdagi yirik yangilanishi 2026 yilning birinchi yarmiga rejalashtirilgan Glamsterdam bo‘ladi. Uning ortidan yilning ikkinchi yarmida Hegota yangilanishi kutilmoqda. Dasturchilarning maqsadlari ancha samarali va tezkor tranzaksiyalarni, ikkinchi darajali tarmoqlarni (Layer 2 yoki L2) yanada kengaytirishni, blokcheynning senzura ta’siriga chidamliligini oshirishni, funksionalligi yuqori bo‘lgan yangi turdagi manzillarni va kvant komputerlaridan himoyalanish ustida ishlashni o‘z ichiga oladi.

EF o‘z xabarida dasturchilar Ethereum’ni takomillashtirish bo‘yicha uchta asosiy yo‘nalishni ajratib ko‘rsatdi:

Masshtablashtirish. Bu yo‘nalish blokcheynning o‘zi va ikkinchi darajali (L2) tarmoqlarning quvvatini oshirish borasidagi ishlarni birlashtiradi. Vazifalar qatoriga gaz limitini 100 million va undan yuqoriga ko‘tarish, ePBS mexanizmi orqali tranzaksiyalarni tezlashtirish, samaradorlikni oshirish uchun nolinchi darajali bilim isboti (zero-knowledge proofs, ZK-proofs yoki ZK) texnologiyasini rivojlantirish hamda ma’lumotlarni saqlashni optimallashtirishga sharoit yaratish kiradi.

Foydalanuvchi tajribasini yaxshilash. Bu yo‘nalishning maqsadlari “aqlli” hamyonlarni joriy etish va turli L2-tarmoqlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqani yaxshilashdan iborat. Shuningdek, hamyonlarning kvant komputerlari tomonidan buzib kirilishiga bardoshli bo‘lishi uchun postkvant xavfsizlikka tayyorgarlik ko‘rish ham shu yo‘nalishga kiradi.

Ethereum’ni mustahkamlash. Bu – “efir”dagi barcha yangilanishlar blokcheynning asosiy xususiyatlarini yo‘qotishiga yo‘l qo‘ymaslikni nazorat qilish uchun mo‘ljallangan yangi yo‘nalishdir. Asosiy xususiyatlar sifatida xavfsizlik (jumladan, kvant hujumlaridan himoya), senzuraga chidamlilik va tarmoqning ishonchliligi (ishga tushirishdan oldin yangilanishlarni sinovdan o‘tkazish) alohida qayd etilgan.

O‘tgan yilgi yutuqlar ham alohida ta’kidlandi.

“2025 yil Ethereum protokoli uchun eng samarali yillardan biri bo‘ldi. Biz tarmoqning ikkita yirik yangilanishini chiqardik va o‘z oldimizga qo‘ygan barcha yo‘nalishlarda sezilarli yutuqlarga erishdik”, — deyiladi EF blogida.

Jamg‘arma 2025 yilda tarmoq boshidan kechirgan ikkita yirik yangilanishni — may oyidagi Pectra va dekabr oyidagi Fusaka’ni alohida ko‘rsatib o‘tdi. Birinchi yangilanish natijasida masshtablanuvchanlikni oshirish, tranzaksiya komissiyalarini kamaytirish, tugun operatorlari uchun steyking mukofotlarini yaxshilash, shuningdek, yakuniy foydalanuvchilar uchun tarmoqdan foydalanishni soddalashtirish mexanizmlari joriy qilindi. Fusaka esa tarmoqqa, jumladan, tranzaksiyalarni qayta ishlash tezligini oshirish va ularning narxini pasaytirish imkonini berdi.

Pectra oddiy foydalanuvchi uchun sezilarli ta’sir ko‘rsatmagan bo‘lsa-da, Fusaka katta o‘zgarishlarga olib keldi. Masalan, tranzaksiyalar narxi taxminan olti baravarga, ya’ni 0,15 dollargacha pasaydi, kunlik faol manzillar soni esa 8-fevral kuni rekord darajaga — 1,65 millionga yetdi.

Bundan tashqari, 2026 yil boshida Ethereum dasturchilari sun’iy intellekt (SI) sohasida ham sezilarli faollik ko‘rsatdi. Fevral oyi boshida Ethereum hammuassisi Vitalik Buterin blokcheyn texnologiyalari, kriptografiya va sun’iy intellekt (SI) sinergiyasiga doir yangi qarashini e’lon qildi. U o‘z murojaatida Ethereum uchun asosiy rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab berdi.

Bundan bir necha hafta avval dasturchilar jamoasi yangi ERC-8004 standartini ishga tushirishini e’lon qilgan edi. Uning maqsadi sun’iy intellektga (SI) asoslangan ilovalar bilan blokcheynning o‘zaro hamkorligi uchun vositalar yaratishdan iborat.

EF Ethereum’ga asoslangan L2 tarmoqlarini kengaytirish rejalarini e’lon qilganiga qaramay, yil boshida Buterin bozorning ushbu segmentini keskin tanqid qilib, avvalgi konsepsiyani “ma’nosiz” deb atadi. U, shuningdek, maxfiylik texnologiyalari (2026 yilning asosiy trendlaridan biriga aylangan) haqida ham keskin fikr bildirib, dasturchilar ommaviy foydalanish evaziga maxfiylik va markazsizlashtirishni ta’minlashda “endi murosaga bormasligini” ta’kidladi.

Xatolar ustida ishlash

Albatta, EFning “efir” faoliyatidagi oshgan faolligini, shuningdek, boshqaruv tarkibining qayta tuzilganini bevosita narx dinamikasi bilan bog‘lab bo‘lmaydi. Lekin 2025 yilda Ethereum narxi o‘zining tarixiy maksimumini yangiladi — avgust oyida uning kursi 4957 dollarga yetdi. Apreldagi minimumdan eng yuqori cho‘qqigacha bo‘lgan o‘sish qariyb 260 foizni tashkil etdi. Oldingi rekord 2021 yil noyabridan beri 4869 dollar darajasida saqlanib kelayotgan edi. 2026 yil 19-fevralga kelib esa narx taxminan 60 foizga tushib, 1970 dollarni tashkil qildi. Hozirda esa narx 1900 dollardan ham pastga tushib ketgan.

“Efir” hamjamiyati vakillari da’vo qilganidek, jamg‘armaning “harakatsizligi” Ethereum (ETH) tangasi narxining uzoq muddatli salbiy dinamikasiga to‘g‘ri keldi. 2025 yil boshida ETHning bitkoinga nisbatan qiymati so‘nggi besh yildagi eng pastki nuqtaga – 0,018 dan pastga tushdi va 2021 yil dekabrdagi mahalliy cho‘qqi (0,088 dan yuqori) bilan solishtirganda bitkoin narxiga nisbatan 80 foizdan ortiq qadrini yo‘qotdi.

EF loyihani ishlab chiqishda ishtirok etuvchi yagona organ bo‘lmasa-da, jamg‘arma ko‘pincha kelajakdagi yangilanishlar uchun yo‘nalish belgilab beradi. Tashkilot, shuningdek, kapitallashuvi bo‘yicha ikkinchi o‘rindagi kriptovalyutani rivojlantirishga qaratilgan ko‘plab ishlanma va tashabbuslarga homiylik qiladi.

Teglar

Mavzuga oid