Farg‘ona viloyati rahbariyatiga eksportni 2 mlrd dollarga yetkazish topshirildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev viloyatda eksportni 2 barobar oshirish va investitsiyalarni keskin ko‘paytirish vazifasini qo‘ydi.
© prezident.uzJoriy yil Farg‘ona viloyati rahbariyati oldida iqtisodiyotni 9,1 foizga, sanoatni 9 foizga o‘stirish vazifasi turibdi. Bu haqda bugun, 28-aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona shahrida Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan o‘tkazayotgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Qilingan ishlar
Davlat rahbari avvalo keyingi yillarda viloyat iqtisodiyotida ro‘y bergan o‘zgarishlarga to‘xtalib o‘tdi. Ilgari viloyat daromadining 70 foizi neft-kimyo va qurilish materiallari sohasidagi 6-7 ta yirik korxona hisobidan shakllanardi. O‘tgan davrda viloyatda 8 milliard 200 million dollar investitsiya evaziga 8 mingta zamonaviy quvvatlar ishga tushdi, tadbirkorlik uchun 100 trillion so‘m resurs berildi, tijorat maydoni 10 million kvadratga ko‘paydi, 13,5 ming kichik va o‘rta korxona tashkil etilib, ularning soni qariyb 2 karra o‘sdi.
Natijada yalpi hududiy mahsulot 1,7 barobarga, sanoat 1,5 barobarga, xizmatlar 3 barobarga oshdi. Asosiysi, so‘nggi to‘rt yilda ishsizlik 9,2 foizdan 4,6 foizga, kambag‘allik darajasi 11,6 foizdan 5,2 foizga tushdi. Mahalliy budjet bo‘yicha hokimlarga juda katta imkoniyat yaratilgani uchun bu yil birinchi chorakda har bir tumanda kamida 5-10 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ qoldi.
Aholining uy-joy sharoitini yaxshilash
Ilgari Marg‘ilonda bir xonadonda o‘rtacha 2-3 oila yashardi. Bir yilda Ipakchi va Qirguli mahallalarining o‘zida 241 ta eski hovlilar o‘rnida 2,5 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar barpo etildi. Marg‘ilonning Navro‘z mahallasida barpo etilayotgan «Yangi O‘zbekiston» massiviga bu yil yana 6,5 ming oila ko‘chib kiradi. Bunday ishlar Yozyovon, Quva tumanlari, Qo‘qon va Farg‘ona shaharlarida ham jadal ketmoqda.
So‘nggi o‘n yilda Farg‘onada 74 ming o‘rinli maktab, 145 ming o‘rinli bog‘cha hamda 3 ming koykali shifoxonalar ishga tushirildi. Shu bilan birga, 167 ta xususiy maktab paydo bo‘ldi, ularda 40 mingdan ortiq o‘quvchi ta’lim olyapti. Ta’lim sifati keskin oshgani uchun yoshlarning oliygohga kirish ko‘rsatkichi bo‘yicha viloyat respublikada 3-o‘ringa ko‘tarildi.
Tibbiyotda ham o‘zgarishlar katta. Birgina Beshariq tumanida o‘n yil oldin atigi 2 ta xususiy klinika bo‘lgan bo‘lsa, hozir 50 taga yetdi.
Eksportni 2 karra ko‘paytirish vazifasi
Viloyatda 15 ming gektar sanoatlashgan bog‘ va tokzor yaratildi, yana 6 ming gektari yangilandi. Bugun ishning ko‘zini bilgan bog‘bonlar gektaridan 500 million so‘mgacha daromad olyapti. Meva-sabzavot eksporti 3 karra ko‘payib, 400 million dollarga yetdi. Bu respublikada eng yaxshi ko‘rsatkich.
Farg‘ona, So‘x, Quva tumanlari, Marg‘ilon va Qo‘qon shahrida turizm jadal o‘smoqda. To‘qqiz yilda 3 ming o‘rinli mehmonxona va mehmon uylari ishga tushdi. O‘tgan yili xorijiy turistlar ilk bor 500 mingdan, mahalliy sayyohlar esa 3 milliondan oshdi. Turizm eksporti 185 million dollarga yetdi.
«Farg‘ona ahli bizdan yanada katta natija kutyapti», – dedi Prezident.
Joriy yil Farg‘ona viloyati rahbariyati oldida iqtisodiyotni 9,1 foizga, sanoatni 9 foizga o‘stirish, 4,5 milliard dollar xorijiy investitsiya olib kelish, eksportni 2 karra ko‘paytirib, 2 milliard dollarga yetkazish vazifalari turgani ko‘rsatib o‘tildi.





