Farg‘ona viloyatining yana 2 ta tuman hokimlari almashdi
Farg‘ona viloyatining Farg‘ona va Bag‘dod tumanlariga yangi hokim tayinlandi. Avvalroq Beshariq, O‘zbekiston tumanlari hamda Marg‘ilon shahriga yangi hokimlar tayinlangani haqida xabar berilgandi.

29-aprel kuni xalq deputatlari Bag‘dod tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyada tumanga yangi rahbar tayinlash masalasi ko‘rib chiqildi.
Viloyat rahbari Xayrullo Bozorov tomonidan taqdim etilgan Hojiqo‘zijon Qosimjonovich Isoqov nomzodi deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Hojiqo‘zijon Isoqov
2024 yil fevral oyidan boshlab shu vaqtgacha tumanga G‘anijon Soliyev rahbarlik qilayotgan edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Hojiqo‘zijon Isoqov 2021–2025 yillarda Farg‘ona viloyati hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlagan. So‘nggi vaqtlarda esa u viloyatdagi ixtisoslashgan ko‘chma mexanizmlar kolonnasi rahbari sifatida faoliyat yuritib kelgan.
Shu kuni Farg‘ona tumanida ham yangi hokim tayinlandi. Nodirjon Ro‘ziboyevich Mashrapov ushbu lavozimga tasdiqlandi.

Nodirjon Mashrapov
Nodirjon Mashrapov bunga qadar Kadastr agentligining Farg‘ona viloyati boshqarmasi boshlig‘i sifatida ishlab kelgan. U 2022 yil oktabridan buyon tumanga rahbarlik qilib kelgan Inomov Hamidullo o‘rnini egalladi.
Eslatib o‘tamiz, bundan avval ham Farg‘ona viloyatida bir qator hududlarda, jumladan Beshariq, O‘zbekiston tumanlari hamda Marg‘ilon shahrida hokimlar almashgani haqida xabarlar berilgan edi.





