Farg‘ona vodiysida yangi elektropoyezd yo‘lga qo‘yildi

Bugun 14:192 daqiqa

Qo‘qon, Namangan, Andijon va Marg‘ilonni bog‘lovchi 6 vagondan iborat va 586 o‘rinli yangi elektropoyezd ishga tushirildi.

Farg‘ona vodiysida yangi elektropoyezd yo‘lga qo‘yildi © Foto: president.uz

Farg‘ona vodiysida yirik transport loyihalaridan biri — yangi elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi. U Qo‘qon, Namangan, Andijon va Marg‘ilon shaharlarini bir-biriga bog‘lab, hududdagi harakatlanishni ancha yengillashtiradi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu yo‘nalishdagi ilk poyezdda jamoatchilik vakillari bilan birga Qo‘qondan Marg‘ilonga safar qildi. Bu tashabbus 2025 yil 27-dekabrda qabul qilingan temir yo‘l transportini rivojlantirishga qaratilgan qaror ijrosi doirasida amalga oshirildi.

Loyiha aholi zich joylashgan vodiyda transport infratuzilmasini yaxshilash, fuqarolarga xavfsiz va arzon xizmat ko‘rsatish, yo‘lovchi tashish hajmini oshirishga xizmat qiladi. 324 kilometrlik temir yo‘l halqasi hududlarni yanada yaqinlashtirib, tadbirkorlik va turizmni rivojlantirish uchun sharoit yaratadi.

Yangi poyezd

Yangi poyezd Toshkentda ishlab chiqarilgan bo‘lib, 6 vagondan iborat va 586 o‘rinli. U soatiga 120 kilometrgacha tezlikda harakatlana oladi. Chipta narxi 15 ming so‘m etib belgilangani uni avtomobil transportiga nisbatan ancha arzon qiladi.

Kutilishicha, poyezd kuniga 1,5 ming, yiliga qariyb 600 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi. Bu esa hudud iqtisodiyotida faollikni oshirib, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga turtki beradi.

Vagondagi qulayliklar

Vagonlar zamonaviy qulayliklar bilan jihozlangan: iqlim nazorati, konditsionerlar, bepul Wi-Fi va USB portlar mavjud. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus sharoitlar yaratilgan, velosiped tashish imkoniyati ham bor.

Shuningdek, xavfsizlikka katta e’tibor qaratilgan. Vagonlarda videokuzatuv tizimi va zarba kuchini kamaytiruvchi texnologiyalar o‘rnatilgan bo‘lib, xalqaro standartlarga mos keladi.

Ushbu temir yo‘l halqasi Farg‘ona vodiysining turizm salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bekatlar atrofida xizmat ko‘rsatish obyektlari, mehmonxonalar va umumiy ovqatlanish maskanlarini rivojlantirish mahalliy aholi uchun qo‘shimcha daromad manbai bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid