add

Farg‘onada Janubiy Koreya kompaniyasi avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqaradi

Bugun 16:25911

Janubiy Koreyaning «Hansae Mobility» kompaniyasi Farg‘onada 30 mln dollarlik sanoat loyihasini boshlab, 200 dan ortiq ish o‘rni yaratadi.

Farg‘onada Janubiy Koreya kompaniyasi avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqaradi

Farg‘ona viloyatida Janubiy Koreyaning «Hansae Mobility» kompaniyasi ishtirokida avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqarish bo‘yicha yirik sanoat loyihasi amalga oshirilmoqda. Viloyat hokimligiga ko‘ra, mazkur korxona Quvasoy shahridagi «Qo‘qon» erkin iqtisodiy zonasining mahalliy filialida joylashadi va uning umumiy qiymati 30 million dollarga teng.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov kompaniyaning katta ijrochi direktori Jong Day Von bilan uchrashib, loyihani amalga oshirish, zarur infratuzilmani yaratish va korxona faoliyatini qo‘llab-quvvatlash masalalarini muhokama qildi. Birinchi bosqichda 100 ta, keyinchalik esa 200 tadan ziyod ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgani ta’kidlandi.

Uchrashuvda hokim Koreya kompaniyasi faoliyatini doimiy qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirib, loyihaning viloyat sanoati rivojida muhim o‘rin egallashini qayd etdi. Mazkur hamkorlik oktabr oyidagi Farg‘ona delegatsiyasining Koreyaga amaliy tashrifidan keyin shakllangan bo‘lib, o‘shanda ikki tomon o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolangan edi.

Ma’lumot uchun, «Hansae Mobility» tormoz tizimlari, rul boshqaruvi, yarim o‘qlar, elektr qismlar va «ADAS» — avtopilot hamda xavfsizlik sensorlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Kompaniya mahsulotlarini GM, Stellantis, Volkswagen, Rivian, VinFast, UzAuto kabi dunyo brendlariga yetkazib beradi.

Teglar

Mavzuga oid

Farg‘onada Janubiy Koreya kompaniyasi avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqaradi | Vaqt.uz