
Fermerlarga kredit ajratishda reytingga qarab foiz stavkasi pasaytiriladi
Yo‘lga qo‘yiladigan yangi modelga ko‘ra, kredit reytingiga qarab xo‘jaliklarga pasaytirilgan stavkada kredit ajratish orqali intizomli fermerlarning kredit yuki kamaytiriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev paxtachilik va g‘allachilikni moliyalashtirishni samarali tashkil etish hamda agrar sohada subsidiyalar ajratish yangi tizimi yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Taqdimotda kelgusi yilda paxta va g‘alla hosili, subsidiya va boshqa xarajatlarga jami 34,2 trillion so‘m ajratish rejalashtirilgani, qo‘shimcha 200 million dollar mablag‘ jalb qilib, 800 ta paxta terish mashinasi xarid qilinishi ma’lum qilindi. Bu borada joriy qilinishi taklif etilayotgan yangi qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari ko‘rib chiqildi.
Jumladan, 2026 yilda agrotexnik tadbirlar, shu jumladan plyonka va egiluvchan quvurlar uchun qo‘shimcha 5 trillion so‘m ajratish taklif qilindi. Hosil yetishtirishda kredit limitining 50 foizigacha foydalanganda, sotilgan paxta qiymatining 5 foizi miqdorida subsidiya ajratilsa, o‘z mablag‘i va qisman kredit hisobidan hosil yetishtiradigan fermerlar soni 4-4,5 mingga yetishi va ularning 2,5-3 trillion so‘m mablag‘i iqtisod bo‘lishi ta’kidlandi.
Qayd etilishicha, fermerlar orasida «intizomli bo‘lish – arzon kredit» modelini shakllantirish uchun «A» kredit reytingiga ega xo‘jaliklarga 2 foizga, «B» toifadagilarga 1 foizga pasaytirilgan stavkada kredit ajratish va shu orqali intizomli fermerlarning kredit yukini kamaytirish taklif qilindi.
O‘z mablag‘i hisobidan bug‘doy yetishtirgan fermerlarga 10 foiz subsidiya ajratish tashabbusi bildirildi.
Shuningdek, yangi tashkil etilgan Agrar sohada to‘lovlar agentligiga yuklatilgan vazifalar ijrosi qanday tashkil etilishi ko‘rib chiqildi. Hozirgi vaqtda qishloq xo‘jaligida 52 turdagi subsidiya ajratilmoqda. Yangi tizimda ushbu jarayon tubdan soddalashtirilib, inson omili tubdan qisqartirilib, byurokratiya kamaytiriladi, arizalarni ko‘rib chiqish to‘liq raqamlashtiriladi va barcha jarayonlar «Agroportal» orqali amalga oshiriladi.
Buning uchun, «Agrosubsidiya» axborot tizimiga 10 dan ortiq vazirlik va idoralarning axborot tizimlari integratsiya qilinadi.
Jumladan, 2026 yil uchun mo‘ljallangan 1,3 trillion so‘mlik subsidiyalarni talabgorlar ishtiroki zarur bo‘lmagan holda davlat idoralari tomonidan proaktiv tarzda, qolgan subsidiyalar ayrim kelishish, xulosa olish va hujjatlarni rasmiylashtirish bosqichlarini chiqarib tashlagan holda soddalashtirilgan tartibda, ortiqcha ovoragarchiliksiz beriladi. Natijada subsidiya ajratish muddatlari keskin qisqaradi.
Prezident yuqoridagi masalalar yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.





