add

Fransiya Pavel Durovga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qildi

Bugun 11:251352

Hukumat Durovning sud talablariga to‘liq bo‘ysunganini qayd etib, Fransiyadan erkin chiqish huquqini to‘liq tikladi.

Fransiya Pavel Durovga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qildi

Fransiya hukumati Telegram asoschisi Pavel Durovga nisbatan amaldagi barcha harakatlanish cheklovlarini bekor qildi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.

Mazkur qaror 10-noyabr kuni qabul qilingan va unga asosan Durov endi mamlakatni bemalol tark etishi, mahalliy politsiya bo‘limlarida doimiy hisobda turish majburiyatidan xalos bo‘lgan.

Tadbirkor 2024 yil avgust oyida Parij aeroportida hibsga olingan edi. Dastlab unga Fransiya hududidan chiqish taqiqlangan, 2025 yil iyun oyida esa cheklovlar yumshatilib, Dubayga borib kelishga ruxsat berilgandi.

Durov Telegram platformasidagi kontentni yetarlicha nazorat qilmaslik va huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlikdan bosh tortgani bo‘yicha olib borilgan tergov doirasida ushlangan. Tergov materiallarida terrorizm, giyohvand moddalar, firibgarlik va bolalarga nisbatan jinoyatlar bilan bog‘liq ayblovlar ham tilga olingan.

Durov o‘zining kompaniya rahbari sifatida foydalanuvchilar qilgan harakatlar uchun javobgar etib qo‘yilishini «huquqiy va mantiqiy jihatdan mutlaqo asossiz» deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bir yillik tekshiruvlar davomida unga yoki Telegramning faoliyatiga daxldor xatti-harakatlar topilmagan.

Durov Telegramda qonunbuzarliklarga aloqador foydalanuvchilar ulushi katta emasligini, ammo ma’lum darajada oshganini tan olgan va bu yo‘nalishda qo‘shimcha choralar ko‘rish zarurligini qayd etgan.

Ma’lumot uchun, Durovning boyligi 14,7 milliard dollarga yetgan bo‘lib, yil boshidan buyon 3,71 milliard dollarga o‘sgan. U milliarderlar ro‘yxatining 196-pog‘onasida turibdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Telegram asoschisi Pavel Durov Luvrdagi o‘g‘irlik Fransiya tanazzulining belgisi ekanini aytgan edi. U o‘g‘irlangan Napoleon va Jozefinaga tegishli javohirotlarni sotib olib, Abu-Dabi Luvriga topshirishga tayyorligini bildirgan.

Teglar

Mavzuga oid

Fransiya Pavel Durovga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qildi | Vaqt.uz