
Fuqarolar endi qoniqarsiz davlat xizmatiga «ikki» baho qo‘ya oladi
Qoniqarsiz deb baholagan bunday xizmatlar avtomatik tarzda tekshiruvga olinadi va vakolatli organlar bartaraf qilish choralarini ko‘radi.

Endi fuqaro davlat xizmatidan foydalanganidan so‘ng xizmat ko‘rsatish joyida joylashtirilgan maxsus QR-kodni skaner qilib, unga ko‘rsatilganxizmatga «1»dan «5»gacha baho berishi va o‘z fikr-mulohazalarini qoldirishi mumkin.
Baholash jarayoni to‘liq elektron shaklda amalga oshiriladi.
Davlat xizmatlari sifati endi bevosita aholi fikri asosida baholanishini belgiluvchi hujjat sifatida Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 16-dekabrdagi 792-son qarori bilan «Davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifatini aholi tomonidan baholash tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.
Nizomda davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifati va samaradorligini baholashning asosiy mezonlari aniq belgilab berilgan. Ular xizmat ko‘rsatish sifati, xizmatning o‘z vaqtida ko‘rsatilishi hamda xizmatdan foydalanish imkoniyatidan iborat. Mazkur mezonlar orqali davlat organlari faoliyatining amaldagi holati o‘rganiladi.
Agar xizmat «3» yoki undan past baho bilan baholansa yoki salbiy fikr bildirilsa, ushbu ma’lumotlar avtomatik ravishda tegishli vakolatli organlar hamda Adliya vazirligiga yuboriladi. Keyinchalik mazkur holatlarga sabab bo‘layotgan omillar o‘rganilib, kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘riladi.
Qayd etilishicha, agar ko‘rilgan chora-tadbirlarga qaramasdan baholash natijalari yaxshilanmasa, Adliya vazirligi tomonidan mas’ul xodimlarni davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonidan chetlashtirish masalasini ko‘rib chiqish yuzasidan vakolatli organga taqdimnoma kiritiladi.
Baholash natijalari asosida davlat xizmatlari sifati bo‘yicha vakolatli organlar va hududlar kesimida reyting shakllantiriladi. Ushbu reyting har chorak, yarim yil va yil yakuni bilan keyingi oyning 15-sanasiga qadar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida e’lon qilib boriladi.





