«G‘arbga eltuvchi ko‘prik»: Gurjiston Markaziy Osiyo bilan aloqalarni kuchaytirishni xohlamoqda
Bosh vazir Irakliy Kobaxidzening so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan, shuningdek, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan ham qator muhim kelishuvlarga erishilgan.
© prezident.uzGurjiston bosh vaziri Irakliy Kobaxidze mamlakat hukumati Markaziy Osiyo davlatlari bilan siyosiy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish niyatida ekanini bildirdi.
Hukumat yig‘ilishida so‘zga chiqqan Kobaxidzening ta’kidlashicha, Gurjiston Markaziy Osiyoni Qora dengiz va G‘arb bozorlari bilan bog‘lovchi muhim tranzit davlat hisoblanadi.
«Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorligimiz alohida siyosiy va iqtisodiy ahamiyatga ega. Gurjiston yettita davlatni Qora dengiz va o‘z navbatida, G‘arb dunyosi bilan bog‘lovchi ko‘prik hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, mazkur tranzit vazifasini rivojlantirishda Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarimizga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Kelgusida hukumat mintaqa mamlakatlari bilan siyosiy hamda savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada chuqurlashtirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga soladi», — dedi Kobaxidze.
Strategik sherikliklar
Irakliy Kobaxidze 2026 yil davomida Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan o‘tkazilgan oliy darajadagi muloqotlar natijalariga ham to‘xtalgan.
Uning qayd etishicha, iyun oyida Qozog‘istonga amalga oshirilgan rasmiy tashrif chog‘ida ikki davlat o‘rtasida strategik sheriklik o‘rnatilgan.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyevning Tbilisiga tashrifi davomida O‘zbekiston bilan ham strategik darajadagi munosabatlar o‘rnatilgan.
Yangi kelishuvlar
Kobaxidzening aytishicha, iyun oyida Qirg‘iziston va Tojikistonga amalga oshirilgan tashriflar davomida ham qator ikki tomonlama kelishuvlar imzolangan.
Iyul oyida esa Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov Gurjistonga tashrif buyurib, ikki mamlakat turli sohalarda hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan hujjatlar paketini imzolagan.





