Logo

Garvardning «adashib o‘qishga qabul qilingan» talabasi o‘z maktabiga rekord summani xayriya qildi

Bugun 11:543 daqiqa

2026-moliyaviy yil Garvard huquq maktabi uchun xayriya mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha tarixdagi eng muvaffaqiyatli yil bo‘lgan. Bu davrda universitet 135 mln dollardan ortiq xayriya olgan. Bu avvalgi rekorddan qariyb 30 mln dollarga ko‘p.

Garvardning «adashib o‘qishga qabul qilingan» talabasi o‘z maktabiga rekord summani xayriya qildi © Jodi Hilton

1976-yilda Garvard huquq maktabini tamomlagan Morgan Chu va uning rafiqasi Helen Chu ta’lim muassasasiga 31,4 mln dollar xayriya qildi. Ushbu summa maktab tarixidagi eng katta xayriya hisoblanadi. Bu haqda Garvard huquq maktabi xabar berdi.

Ajratilgan mablag‘ hisobiga oltita yangi professorlik lavozimi tashkil etiladi. Bu orqali universitet professorlarining ilmiy izlanishlari va dars berish faoliyatini uzoq muddatli moliyalashtirish ko‘zda tutilgan.

«Morgan va Helenga bunday katta xayriyasi hamda Garvard huquq maktabi bilan ko‘p yillik hamkorligi uchun chuqur minnatdorlik bildiraman. Nufuzli huquq maktablari kuchli o‘qituvchilar, olimlar va talabalarga tayanadi. Ularning bu xayriyasi Garvardga eng iqtidorli professorlarni jalb qilish va ularni qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi. Bu esa kelajakdagi huquqshunoslar va rahbarlarni tayyorlashga xizmat qiladi», — dedi Garvard huquq maktabi dekani va huquq professori Jon Goldberg.

Universitetning rivojlanish va bitiruvchilar bilan aloqalar bo‘yicha dekan o‘rinbosari Stiven Oliveyra ham ushbu xayriyaning ahamiyatini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi professorlik lavozimlari tez o‘zgarayotgan dunyoda talabalarga ta’lim beradigan va ularni kelajakda rahbarlik lavozimlariga tayyorlaydigan mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Morgan Chu kim?

Morgan Chu — intellektual mulk huquqi bo‘yicha taniqli advokat. U 1976-yilda Garvard huquq maktabini a’lo baholar bilan tamomlagan. O‘qishni tugatgach, AQSH Apellyatsiya sudining to‘qqizinchi okrugi sudyasining yordamchisi bo‘lib ishlagan.

1977-yilda «Irell & Manella» yuridik firmasiga ishga kirgan, 1982-yilda esa hamkor maqomini olgan. 1997–2003-yillarda firmaning hamrahbari bo‘lgan. Hozirda esa uning sud ishlari bo‘yicha yo‘nalishiga rahbarlik qiladi.

«Menga jahon darajasidagi ta’lim bergan va ko‘plab yaxshi xotiralar qoldirgan huquq maktabiga qabul qilinganimdan minnatdorman. Garvard meni adashib qabul qilgan bo‘lsa kerak», — dedi u hazilomuz tarzda.

U rafiqasi bilan ushbu xayriya orqali universitetga minnatdorligini bildirmoqchi bo‘lganini aytdi.

Morgan va Helen Chu bundan oldin ham Garvard huquq maktabiga bir necha bor xayriya qilgan. Ularning mablag‘lari professorlik lavozimlari, o‘quvda yuqori natija ko‘rsatgan talabalar uchun mukofotlar, moddiy yordamga muhtoj talabalar uchun stipendiyalar hamda turli ilmiy va ta’lim loyihalarini moliyalashtirishga sarflangan.

2013-yildagi xayriyasi esa Garvard huquq maktabi dekani lavozimini doimiy moliyalashtirishga yo‘naltirilgan. Hozirda ushbu lavozimni Jon Goldberg egallab turibdi.

Muvaffaqiyatli xayriya yili

Ma’lum qilinishicha, 2026-moliyaviy yil Garvard huquq maktabi uchun xayriya mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha tarixdagi eng muvaffaqiyatli yil bo‘lgan. Bu davrda universitet 135 mln dollardan ortiq xayriya olgan. Bu avvalgi rekorddan qariyb 30 mln dollarga ko‘p.

Ushbu mablag‘lar o‘qish uchun to‘lovni qoplashga muhtoj talabalarni bepul o‘qitish dasturi, moliyaviy yordam, professorlik lavozimlari va boshqa ta’lim hamda ilmiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga sarflanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mask AQSHdagi siyosiy partiyaga eng ko‘p pul xayriya qilgan shaxsga aylangandi.

Teglar

Mavzuga oid