Gazlashtirilmagan hududlarda elektr energiyasining bazaviy me’yori 350 kVt·soatga oshirilishi rejalashtirilmoqda
Vazirlar Mahkamasi tomonidan muhokamaga chiqarilgan qaror loyihasiga ko‘ra, gazlashtirilmagan va tabiiy gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan hududlarda yashovchi aholi uchun isitish mavsumida elektr energiyasining oylik bazaviy me’yori amaldagi 200 kVt·soatdan 350 kVt·soatga oshiriladi. Gazlashgan hududlarda me’yor 200 kVt·soatligicha qoladi.

Qaror 2026-yil 1-noyabrdan kuchga kiradi. Keyingi mavsumlardan boshlab yangi me’yor Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida oktabr–fevral, boshqa hududlarda esa noyabr–fevral oylarida qo‘llanadi. Yilning qolgan oylarida barcha hududlarda me’yor 200 kVt·soat bo‘ladi.
Tabiiy gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan abonentlar ro‘yxati Energetika vazirligi, “Hududgazta’minot” AJ va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ takliflari asosida viloyat hokimliklari tomonidan tasdiqlanadi.
Ushbu chora suyultirilgan gaz narxlaridagi o‘zgarishlar inobatga olingan holda ko‘rilmoqda. Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan Prezident farmoni loyihasida Vazirlar Mahkamasiga shunday qarorni bir hafta muddatda qabul qilish topshirilgan.
Farmon loyihasida aholini qo‘llab-quvvatlashning boshqa choralari ham nazarda tutilgan. 2026-yil noyabr oyida ehtiyojmand oilalarga bir martalik 1 mln so‘mdan moddiy yordam ajratiladi. Yordamni Ijtimoiy reyestrdagi oilalar, shuningdek, reyestrga kirmagan, lekin jon boshiga daromadi minimal iste’mol xarajatlarining (MIX) 2 baravaridan oshmaydigan oilalar oladi. Mablag‘ 30-noyabrga qadar ijtimoiy karta yoki bank kartalariga o‘tkaziladi.
Elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha kompensatsiya olish mezoni MIXning 1,5 baravaridan 2 baravarigacha oshiriladi. Bazaviy me’yor doirasidagi tarif bilan undan ortiq iste’mol uchun belgilangan tarif o‘rtasidagi farqni kompensatsiya qilish muddati esa 2028-yil 1-aprelgacha uzaytiriladi.
Bundan tashqari, “og‘ir” toifadagi mahallalarda davlat ta’minotidagi 3 mingta oila xonadonining devor va tomlarini izolyatsiya qilish, energiya tejamkor deraza va eshik, quyosh panellari yoki geliokollektor o‘rnatish ishlarini davom ettirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritiladi.
Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining boshqa qaror loyihalarida 1-noyabrdan aholiga ko‘rsatiladigan markazlashgan isitish va issiq suv xizmatlari uchun yangi tariflar joriy etish, aholi uchun suyultirilgan gaz narxini esa 1 kg uchun 5 ming so‘m etib belgilash taklif etilgan.
Bunda ehtiyojmand oilalarga 2030-yil 1-yanvarga qadar har bir kilogramm suyultirilgan gaz uchun 3 ming so‘mdan, oyiga 20 kg gacha kompensatsiya to‘lanadi.





