Global bozor sari yo‘l: O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida muhim bayonnoma imzolandi

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonida yana bir bosqich yakunlandi.

Global bozor sari yo‘l: O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida muhim bayonnoma imzolandi © Foto: linkedin.com

O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni doirasida Hindiston bilan bozorga kirish masalalari bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni muvaffaqiyatli yakunladi.

Mamlakat Prezidentining JST bo‘yicha vakili Azizbek Urunovning ma’lum qilishicha, bozorga kirish bo‘yicha asosiy kelishuv 2024 yildayoq shakllangan. Biroq bayonnoma matnini muvofiqlashtirish va texnik tekshiruv jarayonlari qo‘shimcha vaqt talab qilgan.

«Bugun, nihoyat, biz Hindiston bilan 2024 yilda kelishilgan bozorga kirish bo‘yicha muzokaralar yakunlangani to‘g‘risidagi Bayonnomani imzoladik», — dedi Urunov.

Uning ta’kidlashicha, Hindiston muzokaralar davomida konstruktiv yondashuv namoyish etgan va O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish harakatlarini qo‘llab-quvvatlagan.

Rasmiy vakil ushbu jarayonda faol ishtirok etgan O‘zbekistonning Hindistondagi elchisi Sardor Rustambayev hamda Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi Smita Pantga minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, muzokaralarga hissa qo‘shgan Hindiston rasmiylari ham alohida tilga olindi.

2026 yilgacha JSTga qo‘shilish rejasi

O‘zbekiston hukumati Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirmoqda. Rasmiy Toshkent mamlakatning tashkilotga kirishini 2026 yilda Kamerunda o‘tkazilishi rejalashtirilgan 14-vazirlar konferensiyasiga qadar yakunlashni maqsad qilgan.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston qator davlatlar bilan muhim kelishuvlarga erishdi. Xususan, 2024 yilda Yaponiya, Isroil, Dominikan Respublikasi, AQSH, Xitoy va Filippin bilan muzokaralar yakunlandi. 2025 yilda esa Buyuk Britaniya, Shveysariya, Argentina, Avstraliya, Honduras, Kanada, Panama, Ekvador hamda Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan bozorga kirish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi.

Teglar

Mavzuga oid