add

Googleʼdan qo‘rqqulik: OpenAI ChatGPTni saqlab qolish uchun ayrim loyihalarni to‘xtatmoqda

03.12.2025 | 08:3814512 daqiqa

Sem Altman OpenAIda «qizil kod» rejimiga o‘tdi: kompaniya barcha resurslarni ChatGPTni yaxshilashga yo‘naltirib, boshqa yirik loyihalarni vaqtincha to‘xtatmoqda. Asosiy xatar — Google raqobati.

Googleʼdan qo‘rqqulik: OpenAI ChatGPTni saqlab qolish uchun ayrim loyihalarni to‘xtatmoqda

OpenAI rahbari Sem Altman ichki jamoaga murojaat qilib, kompaniyada «qizil kod» rejimi joriy etilganini ma’lum qildi. Bu qaror kompaniyaning bayroqdor mahsuloti — ChatGPTning raqobatbardoshligini saqlab qolish uchun barcha inson va texnologik resurslarni maksimal darajada safarbar etishni nazarda tutadi.

The Wall Street Journal nashri xabariga ko‘ra, kompaniya o‘zining qator strategik loyihalarini to‘xtatib, foydalanuvchilar uchun chat-bot tajribasini keskin yaxshilashga kirishgan.

Altman jamoaga yuborgan qaydnomasida asosiy vazifalarni belgiladi: personalizatsiyani oshirish, tezlik va ishonchlilikni yaxshilash, ChatGPT javob berishi mumkin bo‘lgan savollar diapazonini kengaytirish. Bu rejani amalga oshirish uchun reklama platformasi, tibbiyot va savdo uchun SI-agentlar, shuningdek Pulse nomli shaxsiy yordamchi ishlanmasi vaqtincha to‘xtatildi. Boshqa guruhlar ham ChatGPTni «qutqarish»ga yo‘naltirildi va har kunlik nazorat yig‘ilishlari joriy etildi.

OpenAIdagi xavotirning asosiy sababi — Googlening tez sur’atda oldinga siljishi bo‘lmoqda. Kompaniya Gemini modelining yangilangan versiyasini ishga tushirib, bir qator sohaviy testlarda OpenAI ishlanmalaridan ilg‘orroq natijalarni ko‘rsatdi. Shu bilan birga, Gemini oylik faol auditoriyasi iyuldagi 450 mlndan oktabrda 650 mlngacha o‘sdi. Googlening Nano Banana generatori ham mahsulotlar ommalashuvini tezlashtirdi. Bundan tashqari, biznes-kliyentlar orasida ommalashib borayotgan Anthropic ham raqobat bosimini kuchaytirmoqda.

OpenAIning moliyaviy holati ham vaziyatni murakkablashtirar ekan, kompaniya 2030 yilgacha daromadlilikka chiqish uchun hajmni 200 mlrd dollar darajasigacha oshirishi kerakligi qayd etilmoqda. Googledan farqli o‘laroq, OpenAI o‘zini o‘zi ta’minlay olmaydi va doimiy investitsiyalarga muhtoj. Shu bilan birga, avgust oyida chiqarilgan GPT-5 modeli «sovuq» uslubi va oddiy masalalardagi xato javoblari uchun tanqid ostiga olingan.

Shunga qaramay, kompaniya muhim ustunlikka ega: ChatGPT haftasiga 800 mlndan ortiq faol foydalanuvchiga ega. Altmanning aytishicha, kelgusi hafta taqdim etiladigan yangi «fikrlash modeli» Googlening eng so‘nggi ishlanmalaridan ham ustun keladi.

Teglar

Mavzuga oid