Hafta davomida O‘zbekistonda havo harorati +39 darajagacha ko‘tariladi
Ayrim hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaO‘zgidromet 8-12-iyun kunlari O‘zbekiston bo‘ylab kuzatiladigan ob-havo ma’lumotlarini e’lon qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, dushanba kuni kunduzi O‘zbekiston hududi bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Buxoro viloyatida ayrim joylarda biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Ertaga 9-iyunda Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysida ayrim joylarda, shuningdek, kechasi va ertalab Qashqadaryo, Samarqand viloyatlarida ayrim joylarda momaqaldiroq bilan biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
10-12-iyun kunlari respublika hududining katta qismida asosan kam bulutli ob-havo kuzatiladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Shamol sekundiga 7-12 metr tezlikda esadi, vaqti-vaqti bilan 13-18 metrgacha kuchayadi, chang-to‘zonlar bilan kuzatiladi. Cho‘l hududlarda 8-iyunda ba’zida 20-22 metrgacha kuchayishi mumkin. Havo harorati asosan +32...+37 daraja, janubda +39 darajagacha bo‘ladi.
Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda 8-12-iyun kunlari ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq kuzatiladi. Sel suv-toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.
Toshkent shahrida dushanba kuni kunduzi yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat 35-37 daraja bo‘ladi.
Ertaga 9-iyunda biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. 10-12-iyunda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat asosan kechalari +21...+23 daraja, kunduz kunlari +33...+35 daraja bo‘ladi.
Shamol 3-8 metr tezlikda esadi, vaqti-vaqti bilan 10-12 metrgacha kuchayadi, shaharning ayrim joylarida chang-to‘zonlar bilan kuzatiladi.





