
Hajmi oshayotgan qurilish, davlat byudjeti sarfida qonunbuzilishi va «Manchester Siti»ning o‘zbekistonliklarga «syurpriz»i — 16-dekabr dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Alisher Sultonov energetik xavfsizlik bo‘yicha vakil lavozimidan ozod etildi
Prezident farmoni bilan Alisher Sultonov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining energetik xavfsizlik bo‘yicha vakili lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov rasman ma’lum qildi. Farmon mazmunida ushbu qarorning sabablari, shuningdek, uning yangi tayinlovi yoki lavozimlar almashinuvi haqida qo‘shimcha ma’lumotlar berilmagan. Alisher Sultonov so‘nggi yillarda mamlakat energetika siyosati va strategik xavfsizlik masalalarida muhim rol o‘ynagan, xususan, 2022-yildan beri Prezidentning energetik xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi, keyinchalik esa vakili sifatida faoliyat yuritib, energetika sohasida barqarorlikni ta’minlash va yirik loyihalarni muvofiqlashtirish bilan shug‘ullangan.
Sultonovning boy mehnat faoliyati asosan neft-gaz va energetika sohalari bilan bog‘liq bo‘lib, u 2015–2018-yillarda "O‘zbekneftgaz" raisi, 2017–2022-yillarda Bosh vazir o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan. Shuningdek, 2019-yil fevraldan 2022-yil iyungacha u bir vaqtning o‘zida Bosh vazir o‘rinbosari va Energetika vaziri lavozimlarini egallab, mamlakat energetika tizimini isloh qilishda qator tashabbuslarni amalga oshirgan. Bundan tashqari, u sport sohasida ham (Milliy Olimpiya qo‘mitasi va Shaxmat federatsiyasi) rahbarlik lavozimlarida bo‘lgan. Hozircha Sultonovning keyingi faoliyati haqida rasmiy ma’lumot berilmagan.
U 2021 yilda «Amerika ovozi» mustaqil internet nashriga bergan intervyusida o‘zbek gazi haqidagi savollarga javob bera turib, 3 ta O‘zbekistonni boqishga yetadigan gaz zaxirasi borligini aytgandi.
«Manchester Siti» 19-dekabr kuni O‘zbekiston uchun muhim e’lon tayyorlamoqda
Angliyaning mashhur klubi — «Manchester Siti» o‘zining rasmiy Instagram sahifasida 19-dekabr kuni O‘zbekistonga oid muhim e’lon bo‘lishi haqida xabar tarqatdi. «O‘zbekiston, tayyormisan? Ishonchli hamkor yo‘lga chiqmoqda» mazmunidagi tizer hamda #KattaQadamIshonchliZarba heshtegi sport jamoatchiligi orasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Mutaxassislarning taxminlariga ko‘ra, ushbu e’lon «City Football Group» (CFG) xoldingining O‘zbekistondagi loyihasi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ayrimlar buni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Qo‘qonning «Qo‘qon 1912» klubining CFG tarkibiga qo‘shilishi sifatida baholamoqda, agar bu tasdiqlansa, «Qo‘qon 1912» CFG’ga qo‘shilgan Markaziy Osiyodagi ilk klubga aylanadi.
Avvalroq, iyun oyida O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi rahbariyati, jumladan Otabek Umarov «City Football Group» vakillari bilan uchrashuv o‘tkazib, futbolni rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash va yoshlar akademiyalarini tashkil etish masalalarini muhokama qilgan edi. O‘shanda CFG tomonidan O‘zbekiston futbol bozori istiqbolli yo‘nalish sifatida baholangani, ammo muayyan klubni sotib olish yoki tarkibiga qo‘shish bo‘yicha aniq qaror qabul qilinmagani ta’kidlangan edi. 19-dekabrda mazkur hamkorlikning rasmiy formati haqida aniq bayonot berilishi kutilmoqda.
9,2 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzilishlar aniqlandi
Raqobat qo‘mitasining hududiy organlari tomonidan o‘tkazilgan monitoringlar davomida bir qator hududlardagi davlat xaridlarida jami 9,2 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘lar bilan bog‘liq jiddiy qonunbuzilish holatlari fosh etildi. Tekshiruvlar asosan savdolarda raqobatni cheklovchi harakatlar mavjud bo‘lgan holatlarni qamrab olgan. Eng yirik qonunbuzilishlar Qashqadaryo, Qoraqalpog‘iston, Surxondaryo, Xorazm va Toshkent viloyatida qayd etildi. Jumladan, Xorazm viloyatidagi Xiva ixtisoslashtirilgan internat uyida 1,9 mlrd so‘m, Surxondaryo viloyati Angor tuman maktabgacha ta’lim bo‘limida qariyb 1,8 mlrd so‘m, shuningdek, Qashqadaryo va Qoraqalpog‘istonda 1 mlrd so‘mdan ortiq qonunbuzilishlar aniqlandi.
Bundan tashqari, Toshkent viloyatidagi "O‘zbekiston texnologik metallar kombinati" AJ tomonidan amalga oshirilgan xaridlarda ham 1 mlrd so‘mdan ortiq qoidabuzarliklar kuzatilgan. Tekshiruvlar natijasida «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunning 29-moddasi talablari buzilgani aniqlanib, buyurtmachi tashkilotlarga nisbatan tegishli ishlar qo‘zg‘atildi va qonunbuzilishlarni bartaraf etish hamda kelgusida takrorlanmasligi uchun majburiy ko‘rsatmalar berildi.
O‘zbekistonda yirik qurilish ishlari hajmi 27,5 foizga oshdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning yanvar—oktabr oylarida O‘zbekistonda yirik qurilish tashkilotlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar hajmi 61,6 trln so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning mos davriga nisbatan 27,5 foizga ko‘pdir. Yirik qurilish kompaniyalari hissasiga to‘g‘ri kelayotgan ishlar hajmining izchil o‘sishi mamlakatda amalga oshirilayotgan infratuzilmaviy, sanoat va shaharsozlik loyihalari ko‘lami kengayib borayotgani bilan izohlanadi.
Analizga ko‘ra, qurilish sohasida sezilarli o‘sish dinamikasi kuzatilgan: 2021 yilning yanvar—oktabr oylarida 22,7 trln so‘mlik ishlar bajarilgan bo‘lsa, 2025 yilda bu ko‘rsatkich 61,6 trln so‘mga yetib, besh yillik davrda eng yuqori natija qayd etilgan va 2021 yilga nisbatan qariyb uch baravar o‘sish kuzatilgan. Bunday keskin o‘sish davlat investitsiya dasturlari, yirik infratuzilma loyihalari, yangi sanoat zonalari qurilishi hamda xususiy sektor ishtirokining faollashuvi bilan bog‘liq.
Markaziy bank fintex sohasi uchun mas’ul etib belgilandi
27-noyabr kuni qabul qilingan Prezident qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Markaziy banki mamlakatda moliyaviy texnologiyalar (fintex) sohasini rivojlantirish uchun mas’ul asosiy regulyator etib belgilandi. Markaziy bank endilikda bank tizimi barqarorligi, to‘lov tizimlarining uzluksiz ishlashi va narxlar barqarorligini ta’minlash bilan bir qatorda, fintex bozorini tizimli rivojlantirish hamda innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash o‘rtasida muvozanatni saqlashga javobgar bo‘ladi. Hujjatda fintex xizmatlarini joriy etishda innovatsiyalarni rag‘batlantirgan holda, ular bilan bog‘liq moliyaviy va texnologik xavflarni kamaytirishga qaratilgan tartibga solish choralariga alohida e’tibor qaratilgan.
Qaror doirasida Markaziy bank raisi Timur Ishmetov rahbarligida Moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirish bo‘yicha respublika komissiyasi tashkil etildi. Komissiya fintex sohasining strategik yo‘nalishlarini belgilash va «tartibga solish qumdoni»dan o‘tgan yechimlarni keng joriy etish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi. Shuningdek, Markaziy bankka 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan fintex strategiyasini ishlab chiqish, tokenlashtirilgan aksiyalar va obligatsiyalar muomalasini joriy etish, raqamli valuta bo‘yicha tajriba loyihalarini amalga oshirish topshirildi. Bundan tashqari, Markaziy bank huzurida 50 million dollarlik venchur fond va innovatsion markaz tashkil etilishi ham belgilangan.





