«Hech narsa abadiy emas»: Gvardiola «Manchester Siti» bosh murabbiyligidan ketayotganini aytdi

Bugun 20:152 daqiqa

Abduqodir Husanovning ustozi — Pep Gvardiola 2016-yildan buyon jamoaga boshchilik qilmoqda. Ushbu davr mobaynida «Manchester Siti» jami 20 ta yirik sovrinni qo‘lga kiritgan.

«Hech narsa abadiy emas»: Gvardiola «Manchester Siti» bosh murabbiyligidan ketayotganini aytdi © Ijtimoiy tarmoqlar

«Manchester Siti» bosh murabbiyi Pep Gvardiola joriy mavsum yakunida jamoadan ketishini e’lon qildi. Bu haqda klub matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ispaniyalik mutaxassis 2016-yildan buyon jamoaga boshchilik qilib, klub tarixidagi eng muvaffaqiyatli davrni boshqarib keldi. 10 yil davomida u qo‘l ostidagi jamoa bilan jami 20 ta yirik sovrinni qo‘lga kiritdi.

«Mening ketishim sabablari haqida so‘ramang. Sabablar yo‘q, ammo qalbimning tubida vaqtim kelganini bilaman. Hech narsa abadiy emas. Abadiy bo‘lib qoladigan narsalar — bu tuyg‘ular, odamlar, xotiralar va «Manchester Siti»ga bo‘lgan muhabbatimdir», - dedi Pep Gvardiola o‘z qarorini izohlar ekan.


Klub bilan amaldagi shartnomasi 2027-yilgacha mo‘ljallangan bo‘lishiga qaramay, Pep Gvardiola murabbiylikdan ketgach, «City Football Group» tarkibida global elchi lavozimini egallaydi va kompaniya klublariga texnik maslahatlar berishda davom etadi.

Murabbiyning «Manchester Siti»dagi asosiy yutuqlari:

Angliya chempioni: 6-marta;
Angliya Kubogi va Superkubogi: 3-martadan;
Angliya Liga Kubogi: 5-marta;
Xalqaro titullar: Chempionlar ligasi, UEFA Superkubogi va klublar o‘rtasidagi jahon chempionati g‘olibi.

Shuningdek, murabbiy APL tarixida 70 foizdan ortiq g‘alaba qozongan ilk mutaxassis hisoblanadi. Gvardiola ilgari «Barselona» va «Bavariya» klublari bilan ham ko‘plab ichki va xalqaro sovrinlarga ega chiqqan.

«Manchester Siti» joriy mavsumni 24-may kuni «Aston Villa»ga qarshi o‘yin bilan yakunlaydi. Garchi jamoa bu yil APL chempionligini «Arsenal»ga boy bergan bo‘lsa-da, Pep Gvardiola qo‘l ostida Angliya Kubogi va Liga Kubogini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.

Teglar

Mavzuga oid