Hindistonda Rossiya nefti narxi 100 dollarga yaqinlashdi
Erondagi urush va AQSH sanksiyalarining yumshatilishi Rossiya neft kompaniyalari uchun «oltin davr»ni boshlab berdi: Hindiston portlarida «Urals» navining narxi rekord darajada ko‘tarildi.

«Bloomberg» nashrining «Argus» ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, 13-mart kuni Hindistonda Rossiyaning «Urals» nefti bir barreli uchun 98,93 dollarni tashkil etdi. AQSH va Isroil Eronga ilk zarbalarni bergan 27-fevraldan buyon ushbu nav narxi qariyb 40 dollarga yoki 70 foizga o‘sdi. Bu 2022-yildan beri, ya’ni Rossiya Hindiston bozoriga yirik hajmda eksport qilishni boshlagan davrdan buyon eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Donald Tramp ma’muriyati Hindiston neftni qayta ishlash zavodlariga tankerlarda yig‘ilib qolgan Rossiya neftini 11-aprelgacha sotib olishga ruxsat bergach, «Urals» va «Brent» o‘rtasidagi farq 4,8 dollargacha qisqardi. Rossiya portlarida esa neft barreli 73,73 dollar atrofida baholanmoqda. Oradagi qariyb 25 dollarlik farq sanksiyalarni aylanib o‘tib yuk tashuvchi vositachilar hisobiga o‘tsa-da, hozirgi narxlar Rossiya budjetida ko‘zda tutilgan 59 dollarlik me’yordan ancha yuqori.
Budjet uchun qo‘shimcha daromad
«Financial Times» hisob-kitoblariga ko‘ra, neft narxining ko‘tarilishi Rossiya budjetiga har kuni taxminan 150 mln dollar (12 mlrd rubl) qo‘shimcha daromad keltirmoqda. Bu yil boshidagi og‘ir vaziyatdan so‘ng hukumat uchun haqiqiy najot bo‘ldi: yanvar-fevral oylarida neft-gaz tushumlari ikki barobarga kamayib, budjet taqchilligi 3,5 trln rublga yetgan edi.
Eronga hujum va xomashyo bozoridagi ijobiy kon’yunktura, agar uzoq davom etsa, budjetdagi «tuynuk»ni sezilarli darajada kamaytirishi mumkin. Iqtisodchi Dmitriy Polevoyning fikricha, yil oxirigacha neft narxi barqaror saqlanib qolsa, yillik budjet taqchilligi Moliya vazirligi kutgan 3,8 trln rubl o‘rniga 1–1,5 trln rublgacha qisqarishi mumkin.
Xarajatlarni qisqartirish rejasi
Neft narxi oshishi RF Moliya vazirligiga biroz «nafas olish» imkoniyatini bersa-da, budjet muammolarini to‘liq hal eta olmaydi. «Freedom Finance» tahlilchisi Vladimir Chernovning ta’kidlashicha, davlat xarajatlari keskin oshgani sababli faqat qimmat neft bilan vaziyatni o‘nglab bo‘lmaydi. Shu sababli Rossiya hukumati neft narxidan qat’i nazar, budjet xarajatlarini 10 foizga qisqartirish masalasini ko‘rib chiqmoqda.
«Bloomberg» manbalariga ko‘ra, ijtimoiy va mudofaa sohalaridan tashqari barcha xarajatlarni qisqartirish orqali hukumat 2 trln rublni tejab qolmoqchi. Bundan asosiy maqsad — Milliy farovonlik jamg‘armasining (MFJ) qolgan mablag‘larini asrab qolish va iloji bo‘lsa, jamg‘armani yana to‘ldirishni boshlashdir.





