add

Hindistonda yo‘talga qarshi sirop oqibatida 24 bola vafot etdi

Kecha 22:483172 Daqiqa

Siropni ichgan bolalarda o‘tkir buyrak yetishmovchiligi va ensefalitga o‘xshash og‘ir alomatlar paydo bo‘lgan.

Hindistonda yo‘talga qarshi sirop oqibatida 24 bola vafot etdi

Hindistonda kamida 24 nafar bola mamlakat Sresan Pharmaceuticals kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan Coldrif yo‘tal siropini iste’mol qilish oqibatida halok bo‘ldi. Hokimiyat organlari sirop ishlab chiqaruvchiga tarkibiy qismlardan birini yetkazib berishda xavfsizlik qoidalari buzilgani ehtimolini o‘rganmoqda. Bu haqda Reuters agentligi manbalariga tayanib, xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, farmatsevtika kompaniyasi mahalliy kimyoviy mahsulotlar distribyutori Sunrise Biotech’dan siropda faol moddalarni eritish uchun asos sifatida qo‘llaniladigan 50 kg propilenglikol erituvchisini xarid qilgan. Sunrise Biotech esa o‘z navbatida shu kunning o‘zida uni Jinkushal Aroma’dan sotib olgan.

Reuters xabar qilishicha, ikkala kompaniyaning ham farmatsevtik tarkibiy qismlarni qayta ishlash uchun litsenziyalari bo‘lmagan. Mulk egalari sotgan propilenglikol dori-darmon ishlab chiqarish uchun ishlatilishini bilmaganliklarini ta’kidlashdi. Sunrise kompaniyasi Reuters’ga yetkazib berishdan oldin erituvchini kerakli darajada germetik qilmay qadoqlaganini tasdiqladi.

Bundan oldin JSST Hindiston hukumatidan Madxya-Pradesh va Rajastxan shtatlarida bolalarning yo‘talga qarshi siroplarni iste’mol qilish oqibatida vafot etgani haqidagi xabarlar yuzasidan tushuntirish so‘ragan edi. Ushbu xabarlarda tasvir etilgan alomatlar o‘tkir buyrak yetishmovchiligi va o‘tkir ensefalit sindromiga mos kelib, ularning og‘iz orqali qabul qilinadigan siroplar bilan bog‘liqligi taxmin qilingan.

Nazorat organi Tamilnad shtatidagi Sresan Pharmaceuticals, Rednex Pharmaceuticals kompaniyasining Respifresh TR va Gujarat shtatidagi ReLife Shape Pharma Private Limited tomonidan ishlab chiqarilgan Coldrif siropida toksinlar miqdori me’yordan oshib ketganini aniqladi. Preparatlar bozordan qaytarib olindi, ishlab chiqaruvchilarga esa barcha dori vositalarini ishlab chiqarishni to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Ushbu mahsulotlarning birortasi Hindistondan boshqa davlatlarga eksport qilinmagan.

Yaqinda ma’lum bo‘lishicha, Hindistonning Madxya-Pradesh shtati politsiyasi Coldrif yo‘talga qarshi siropni ishlab chiqaruvchi Sresan Pharmaceuticals farmatsevtika kompaniyasi egasini hibsga olgan. Tekshiruv oqibatida sirop namunalarida ruxsat etilgan 0,1 foiz o‘rniga 46-48 foiz dietilenglikol mavjudligi aniqlandi. Bu zaharli modda smola, bo‘yoq, lok, siyoh va yelim ishlab chiqarishda ishlatiladi.

Teglar

Mavzuga oid

Hindistonda yo‘talga qarshi sirop oqibatida 24 bola vafot etdi | Vaqt.uz