
HUMO va UnionPay yagona QR kod orqali to‘lovlarni boshlaydi
HUMO va UnionPay o‘rtasidagi yangi integratsiya ikki mamlakat o‘rtasidagi to‘lovlarni tezlashtirib, savdo va turizmda raqamli to‘lov imkoniyatlarini kengaytiradi.

Shanxay shahrida UnionPay International va HUMO to‘lov tizimlari yagona QR koddan foydalanishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha memorandum imzoladi. Bu haqda HUMO to‘lov tizimining matbuot xizmati xabar berdi.
Yangi loyiha Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida transchegaraviy to‘lovlar infratuzilmasini mustahkamlash, xalqaro hisob-kitoblarni soddalashtirish va raqamli to‘lov xizmatlarining qamrovini oshirishga qaratilgan.
Integratsiya orqali HUMO kartalari egalari UnionPay'ning jahon bo‘ylab keng qamrovli to‘lov tarmoqlarida QR kod orqali to‘lov amalga oshira oladi.
Shu bilan birga, UnionPay kartasiga ega bo‘lgan mijozlar HUMO ekotizimidan foydalanish imkonini qo‘lga kiritadi. Bu savdo va xizmat ko‘rsatish korxonalari uchun alohida to‘lov yechimlarini o‘rnatish zaruratini bartaraf etadi.
Yagona QR koddan foydalanish orqali to‘lov jarayoni ancha tezlashadi: mijozlar o‘zlarining odatdagi mobil ilovalari orqali to‘lovni amalga oshiradi, naqd pulga va qo‘shimcha operatsiyalarga ehtiyoj qolmaydi. Bu, ayniqsa, ikki mamlakat o‘rtasidagi turistik oqim va biznes aloqalarining yoyilishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.
UnionPay va HUMO hamkorligi 2021 yilda UnionPay ekvayring loyihasidan boshlangan. Yangicha memorandum esa raqamli to‘lovlar sohasida chuqurroq integratsiyaga qadam bo‘lib, mijozlar va biznes uchun xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishi ta’kidlanmoqda.
Loyihaning amalga oshirilishi ikki tomonlama to‘lov infratuzilmasini yanada mustahkamlab, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi raqamli iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda naqd pulsiz hisob-kitoblar uchun turli to‘lov ilovalari tomonidan qo‘llanadigan alohida QR kodlar o‘rniga universal QR kodli to‘lov tizimi joriy etilishi haqida xabar berilgan edi.





