IIB tergovchisi 40 ming dollar pora bilan qo‘lga tushdi
Namanganda IIB Tergov boshqarmasi tergovchisi fuqaroga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini uning foydasiga ijobiy hal qilib, tugatib yuborish evaziga ishga aloqador bo‘lmagan advokat orqali 40 ming AQSH dollari talab qilgan.
© Видеодан кадрNamanganda viloyatida IIB tergovchisi 40 ming dollar pora olgani aniqlandi. Bu haqda DXX axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, viloyat IIB Tergov boshqarmasi tergovchisi o‘z ish yurituvida bo‘lgan jinoyat ishini gumonlanuvchi foydasiga hal qilib berishni va’da qilib, evaziga Chust tumanida yashovchi 2006 yilda tug‘ilgan fuqarodan 40 ming AQSH dollari talab qilingan.
Tergovchi porani ishga rasman aloqador bo‘lmagan advokat orqali olmoqchi bo‘lgan. Biroq advokat tezkor tadbir davomida gumonlanuvchining otasidan 40 ming AQSH dollarini qabul qilib olayotgan vaqtida ushlangan.
Shundan so‘ng tezkor harakatlar davom ettirilib, advokatdan 30 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtda tergovchi ham qo‘lga olingan.
Hozirda tergovchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 210-moddasi — pora olish aybi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Advokatga esa Jinoyat kodeksining 212-moddasi, ya’ni pora olish yoki berishda vositachilik qilish moddasi bo‘yicha ayblov qo‘yilgan.





