IIV mahkumlarni ko‘chirish va videouchrashuv tartibini o‘zgartirmoqchi

Bugun 15:002 daqiqa

O‘zbekistonda mahkumlarning yaqinlari bilan «telefon orqali muloqot» tartibi o‘rniga «masofaviy videouchrashuv yoki telefon orqali muloqot» tizimini joriy etish taklif etilmoqda.

IIV mahkumlarni ko‘chirish va videouchrashuv tartibini o‘zgartirmoqchi © vesti.az

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi mahkumlarni jazoni ijro etish muassasalari o‘rtasida ko‘chirish hamda ularning yaqinlari bilan muloqot qilish tartibini takomillashtirishga qaratilgan yangi o‘zgartishlar loyihasini ishlab chiqdi. Hujjatda qaror qabul qilish mexanizmini aniqlashtirish va masofaviy videouchrashuv amaliyotini joriy etish taklif qilinmoqda.

Loyihaga ko‘ra, mahkumlarni jazoni ijro etish muassasalariga yuborish yoki bir muassasadan boshqasiga ko‘chirish uchun asos bo‘ladigan materiallar Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti tomonidan ko‘rib chiqiladi. Ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha maxsus xulosa tayyorlanadi.

Mazkur xulosa Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘i yoki uning birinchi o‘rinbosari tomonidan tasdiqlanishi belgilanmoqda. Shu orqali mahkumlarni ko‘chirish bo‘yicha qaror qabul qilish jarayonini yanada tartibli va aniq mexanizm asosida amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Hujjatda mahkumni bir muassasadan boshqa shu turdagi muassasaga ko‘chirish tartibi ham qayta belgilanmoqda. Bunda JIEDning Maxsus hisob boshqarmasi tomonidan tayyorlangan taqsimot asos qilib olinadi. Ko‘chirish uchun esa JIED rahbariyati tasdiqlagan xulosa yoki sud qarori huquqiy asos vazifasini bajaradi.

Mahkumlar bilan muloqot qilish shakllari

Loyihada mahkumlar bilan muloqot qilish shakllarini kengaytirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Amaldagi «telefon orqali muloqot» tartibi o‘rniga «masofaviy videouchrashuv yoki telefon orqali muloqot» tizimini joriy etish taklif etilmoqda.

Mutasaddilar fikricha, ushbu o‘zgartishlar jazoni ijro etish tizimidagi jarayonlarni shaffoflashtirish, qaror qabul qilish tartibini aniqlashtirish hamda mahkumlarning yaqinlari bilan muloqot imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Teglar