ILMA «Global Insurance Group» litsenziyasini bekor qildi
«Global Insurancye Group» sug‘urta kompaniyasining litsenziyasi ILMA qarori bilan 9-maydan bekor qilindi. Kompaniya avval tuzilgan shartnomalar bo‘yicha majburiyatlarni to‘liq bajarishi shartligi belgilandi.

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi «Global Insurance Group» sug‘urta kompaniyasining litsenziyasini bekor qildi. Regulyator qarori 9-maydan kuchga kirgan bo‘lib, kompaniya avval tuzilgan shartnomalar bo‘yicha majburiyatlarni bajarishda davom etadi.
Agentlik matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, «Global Insurance Group»ka 2022-yil fevral oyida berilgan sug‘urta faoliyati litsenziyasi rasman bekor qilindi. Kompaniyaning amaldagi sug‘urta va qayta sug‘urta shartnomalari bo‘yicha javobgarligi saqlanib qoladi.
Bundan tashqari, ILMA 6-may kuni «Leo Finance Sug‘urta Broker» litsenziyasini bekor qilish haqida ham qaror qabul qildi. Mazkur qaror 10-maydan kuchga kirgan.
«Global Insurance Group» bilan bog‘liq muammolar ilk bor 2025-yil oktabr oyida yuzaga chiqqandi. O‘shanda agentlik moliyaviy ko‘rsatkichlarni tekshirish jarayonida qonunbuzarliklar aniqlanganini bildirib, kompaniya litsenziyasini 10 kunga to‘xtatgan edi.
Shu bilan birga, regulyator kompaniyani 35 million so‘m jarimaga tortgan va mijozlarga kamchiliklar to‘liq bartaraf etilmaguncha ushbu sug‘urtalovchi orqali polis rasmiylashtirmaslikni tavsiya qilgan.
Keyinchalik ILMA yana bir nechta sug‘urta kompaniyalariga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘lladi. Jumladan, «Alskom» 50 million so‘m, «Inson» 40 million so‘m, «Semurg Insurance» esa 31,5 million so‘m miqdorida jarimaga tortildi.
2025-yil 8-noyabrdan boshlab «Global Insurance Group» litsenziyasining amal qilishi olti oy muddatga to‘xtatilgandi. Agentlik bu qaror kompaniyaning ixtiyoriy arizasi asosida qabul qilinganini ta’kidlagan.





