
Ilon Mask OpenAI va Microsoft'dan 134 mlrd dollar talab qilmoqda
Ilon Mask o‘zining hissasi orqali OpenAI 65,5 milliarddan 109,4 milliard dollargacha, Microsoft esa 13,3 milliarddan 25,1 milliard dollargacha iqtisodiy foyda olganini da’vo qilmoqda.

Ilon Mask OpenAI va Microsoft'dan jami 134 milliard dollargacha tovon puli talab qilmoqda. Bu haqda juma kuni federal sudga kiritilgan da’vo arizasida aytildi. Maskning ta’kidlashicha, u OpenAI tashkil etilgan dastlabki yillarda kompaniyaga katta moliyaviy va tashkiliy hissa qo‘shgan, shuning uchun keyinchalik olingan foydaning ma’lum qismi unga tegishli.
Hujjatga ko‘ra, Mask 2015 yilda startap sifatida tashkil etilgan OpenAI’ning ilk rivojlanishida hal qiluvchi rol o‘ynagan. U taxminan 38 million dollar kiritgan bo‘lib, bu kompaniyaning dastlabki urug‘ sarmoyasining 60 foizini tashkil etgan. Shuningdek, u jamoa shakllanishi, investorlar va aloqalarni jalb etish hamda loyiha obro‘sini oshirishga hissa qo‘shganini ta’kidlamoqda.
Maskning hisob-kitoblariga ko‘ra, uning ishtirokisiz OpenAI hozirgi qiymatiga yetmagan bo‘lar edi. Da’vo arizasida OpenAI Mask hissasi orqali 65,5 milliarddan 109,4 milliard dollargacha, Microsoft esa 13,3 milliarddan 25,1 milliard dollargacha iqtisodiy foyda olgani qayd etilgan.
OpenAI bu talabni «asossiz» va «tazyiq kompaniyasining bir qismi» deb atadi. Kompaniya fikricha, Mask 2018 yilda OpenAI’ni tark etganidan so‘ng raqobatchi loyihalar bilan shug‘ullanib kelmoqda va da’volar real asosga ega emas. Microsoft esa ish yuzasidan izoh berishdan tiyildi.
Shu bilan birga, OpenAI va Microsoft suddan Mask tomonidan jalb qilingan moliyaviy ekspert xulosalarini cheklashni so‘ramoqda. Ular bu hisob-kitoblarni tekshirib bo‘lmaydigan va hayotiy emas, deb baholamoqda. Sud jarayoni aprel oyida boshlanishi kutilmoqda.





